Derinkuyu yerosti shahri iqlimga moslashuv uchun namuna bo’lmoqda

Kappadokiyadagi Derinkuyu yerosti shahri ichkarisida yil davomida taxminan 15-17°C harorat saqlanadi. Tadqiqotchilar bu kabi inshootlar keskin ob-havoga mos boshpana loyihalariga qanday hissa qo'shishini o'rganmoqda.

Kappadokiyadagi Derinkuyu yerosti shahrining tosh tunnellari
Matn

Kappadokiyada shamol va yomg’ir millionlab yillar davomida shakllantirgan qoyalar ostida qadimiy Derinkuyu yerosti shahri joylashgan. Tunnellar va xonalardan iborat bu majmua tarixda hududga yurish qilgan arab qo’shinlaridan himoyalanish uchun ishlatilgan. Derinkuyu 7-asr o’rtalaridan 11-asr boshlarigacha bo’lgan davrda boshpana vazifasini bajargani qayd etiladi.

Yerosti shahri ichidagi harorat yil davomida taxminan 15-17°C darajasida turadi. Shu bois tashqarida qor bo’roni yoki jazirama issiq to’lqini kuzatilgan paytda ichkarida nisbatan barqaror muhit saqlanadi. Iqlim tadqiqotchilari va shaharsozlar Kappadokiyadagi yerosti me’morchiligi o’zgarayotgan iqlim sharoitiga mos boshpanalarni yaratishda yordam bera oladimi, degan savolni o’rganmoqda.

Obruk g’orlarni tadqiq qilish guruhi asoschilaridan Ali Yamach so’nggi 15 yil davomida guruh bilan birga Kappadokiyadagi g’orlar va yerosti inshootlarini o’rganib, qayd etib kelmoqda. Ishlar Kayseri munitsipaliteti bilan hamkorlikda olib borilayotgani bildirilgan. Yamachning aytishicha, “Tabiiy yoki inson yaratgan bo’lishidan qat’i nazar, barcha g’orlardagi harorat yil davomida yer ustidagi haroratlarning o’rtacha ko’rsatkichini aks ettiradi”. Unga ko’ra, yozda salqin, qishda esa iliq bo’lishi katta afzallikdir.

Ayrim hisob-kitoblarga ko’ra, Turkiya sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan hozirning o’zida 2,1°C ga isigan. Harorat oshishi issiq to’lqinlarini kuchaytirayotgani, qurg’oqchilikni tez-tez takrorlanadigan holatga aylantirayotgani va yog’in tartibini o’zgartirib, suv toshqini xavfi haqidagi xavotirlarni oshirayotgani aytiladi. Yaqinda o’tkazilgan modellashtirish tadqiqoti Istanbulda haddan tashqari issiq bilan bog’liq o’limlar ushbu asr oxirigacha 10 baravar ko’payishi kutilayotganini ko’rsatdi.

Derinkuyuni hududdagi boshqa yerosti makonlaridan ajratib turadigan jihat uning kattaligidir. Ayrim manbalarda inshoot olti dan 12 tagacha qatlamdan iborat ekani, boshqalarida esa 18 qavatgacha tushib, 85 metr chuqurlikka yetishi aytiladi. Taxminan 2,5 kilometr maydonni egallagan shaharda 20 ming kishi yashashi mumkin bo’lgan, shuningdek, 53 ta suv qudug’i va shamollatish shaxtalari mavjud bo’lgan.

Italiya Atrof-muhitni muhofaza qilish va tadqiqot instituti (ISPRA) tadqiqotchisi hamda EuroGeoSurveys (EGS) Shahar geologiyasi bo’yicha ekspertlar guruhi raisi Francesco La Vigna shaharlarni yer ustida vertikal yo’nalishda kengaytirishga o’rganib qolinganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, yerosti makoni haqida ham o’ylash zarur va buning uchun madaniy o’zgarish kerak. Derinkuyu misoli yerosti hududlarining iqlimga moslashish imkoniyatlarini o’rganishda muhim yo’nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

LIVEKunning xabarlari