AQSh elchixonasi Moskvadagi «Saritsino»da terakt xavfi haqida ogohlantirdi

AQShning Moskvadagi elchixonasi 31-oktabr kuni «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasi hududida terakt sodir etilishi mumkinligidan ogohlantirib, fuqarolarini bu joyga bormaslikka chaqirdi.

Moskvadagi «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasi bo‘yicha xavfsizlik ogohlantirishi
Matn

AQShning Moskvadagi elchixonasi poytaxtdagi «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasi hududida 31-oktabr kuni terakt sodir etilishi ehtimoli yuzasidan xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qildi. Elchixona tahdidni jiddiy deb baholaganini bildirib, AQSh fuqarolariga mazkur hududga bormaslikni tavsiya etdi.

Elchixona bayonotida «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasi hududida ko‘plab qurbonlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hodisa yuz berishi haqida ma’lumot borligi qayd etildi. Amerikalik diplomatlar tahdidni asosli deb hisoblamoqda, AQSh hukumati esa javob choralarini Rossiya davlat idoralari bilan muvofiqlashtirayotgani bildirildi.

AQSh fuqarolariga shanba kuni «Saritsino»ga bormaslik, bog‘ga yaqinlashmaslik, gavjum joylardan uzoq yurish va hushyorlikni saqlash tavsiya qilindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ham AQSh tomonidan Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqidagi ma’lumot olinganini tasdiqladi.

FXX vakillari ma’lumotlar «hamkorlik kanallari» orqali kelib tushganini aytdi. Idora «tegishli ishlar olib borilayotganini» ma’lum qildi, biroq Rossiya rasmiylari boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi. AQSh elchixonasi 2024-yil martidagi «Krokus Siti Xoll» teraktidan avval ham shunga o‘xshash ogohlantirish e’lon qilib, fuqarolariga 48 soat davomida ommaviy yig‘inlarga bormaslikni tavsiya etgan edi.

LIVEKunning xabarlari