Berlinda sentabr oyidagi yer saylovidan keyin koalitsiya tuzish jarayoni yangi bosqichga kirdi. Saylovlarda g‘olib chiqqan Chap partiyaning Berlin delegatlari Sotsial-demokratik partiya (SPD) va Yashillar bilan rasmiy koalitsiya muzokaralarini boshlashni ma’qulladi. SPD va Yashillar bu borada avvalroq qaror qabul qilgan edi.
Ayrim partiya a’zolarining e’tirozlariga qaramay qabul qilingan qaror uch partiyaga hafta boshidan rasmiy muzokaralarni boshlash imkonini beradi. Tomonlar saylovlardan beri ehtimoliy koalitsiya variantlarini baholash uchun dastlabki muzokaralar o‘tkazib kelayotgan edi. Chap partiyaning yer bosh vaziri va shahar meri lavozimiga nomzodi Elif Eralp Berlinda hokimiyatni qo‘lga kiritish maqsadidan voz kechmasligini bildirdi.
Eralp bosh vazir bo‘lish uchun yetarli qobiliyat va jasoratga ega emasligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. “Bizni qo‘rqitishlariga yo‘l qo‘ymaymiz va men voz kechmayman”, degan Eralp so‘nggi davrda ham o‘zi, ham partiyasi ortga chekinishga majburlanganini aytdi. U Germaniya kansleri Friedrich Merzni (CDU) ham tanqid qilib, Merz SPD va Yashillarga Chap partiya bilan koalitsiya tuzmaslik uchun bosim o‘tkazayotganini da’vo qildi.
Federal ichki ishlar vaziri Alexander Dobrindt hamda Bavariya yer bosh vaziri Markus Söder ham kirgan siyosatchilarning so‘nggi bayonotlariga ishora qilgan Eralp, o‘zi va Chap partiyaga qarshi “hujumlar to‘lqini” kuzatilayotganini aytdi. U tanqidlar “buzg‘unchi darajaga” yetgani va “har qanday me’yorni yo‘qotgan ayblovlar”ga aylanganini bildirib, partiya siyosatining markaziga foydani emas, insonni qo‘yish hamda mulk masalasini muhokamaga olib chiqish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.
Chap partiya ko‘chmas mulk va ijara narxlari rekord darajaga yetgan Berlinda yirik ko‘chmas mulk kompaniyalariga tegishli qariyb 160 ming uyni davlat tasarrufiga o‘tkazishni maqsad qilgan. Eralp uylar ustidan ko‘chmas mulk kompaniyalari va juda boy oz sonli kishilar yuritayotgan savdoga chek qo‘yishni istashlarini aytdi. U SPD va Yashillar bilan erishilgan dastlabki kelishuvda “chap imzo” borligini ilgari surdi hamda koalitsiya uchun murosa muqarrarligini qayd etdi.
Qurultoyda Eralpning Spiegel chop etgan intervyu yuzasidan fikrlari ham diqqat markazida bo‘ldi. Eralp jamoasi Spiegel’ga xato bilan yuborgan qaydlarga ko‘ra, Berlin bosh vazirligiga nomzod o‘z partiyasi bilan aloqasi bo‘lgan, Falastin tarafdori faol va Hamas tarafdori sifatida ta’riflangan Ibrahim Ibrahim haqida ochiq gapirsa, oilasi xavfsizligidan xavotirda. Bu xabardan so‘ng Eralp poytaxt boshqaruvini o‘z zimmasiga olish uchun yetarli qobiliyat va jasoratga ega emasligi ilgari surilgan edi.
Eralp muhojir kelib chiqishli ayol sifatida siyosatda ayrim holatlarga ko‘nikishga to‘g‘ri kelishini, biroq yuz berayotgan voqealar qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetganini aytdi. Shaxsiy xavfsizlik tashvishlari sabab Berlinni himoya qila olmaydi degan da’volarga javoban, aynan turli tashvishlarni bilgani va tushungani uchun buni amalga oshirish qobiliyatiga ega ekanini bildirdi. U insoniyatga qarshilik, antisemitizm va irqchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi turishini ham aytdi.
Nutq delegatlarning muhim qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va bir necha bor “Elif, Elif” hayqiriqlari bilan bo‘lindi. Biroq partiyaning nisbatan radikal deb hisoblangan yoshlar tashkiloti, ayrim tuman tashkilotlari va ishchi guruhlari bu qo‘llab-quvvatlashga qo‘shilmadi. Qurultoy zali tashqarisida qariyb 100 nafar Falastin tarafdori faol SPD va Yashillar bilan ittifoqqa qarshi namoyish o‘tkazdi. Vanessa Emde hali Chap partiya parlament guruhidan chiqarilmagani ham partiyaga qaratilgan tanqidlarning davom etishiga sabab bo‘lmoqda.



