Deutsche Bank sizib chiqqan hujjatlari bahsli mijozlar bilan aloqalar haqidagi da’volarni ko‘tardi

15 milliondan ortiq ichki hujjatni qamrab olgani aytilayotgan sizib chiqish Deutsche Bankning ayrim mijozlar bilan munosabatlariga oid da’volarni o‘rtaga tashladi. Bank voqealar ko‘p yillar avval yuz berganini va nazorat tizimlari kuchaytirilganini bildirdi.

Deutsche Bankga tegishli ekani aytilayotgan sizib chiqqan hujjatlar
Matn

Deutsche Bankga tegishli ekani aytilayotgan 15 milliondan ortiq ichki hujjatning sizib chiqishi bankning rossiyalik oligarxlar va Jeffrey Epstein kabi bahsli mijozlar bilan munosabatlariga oid da’volarni yana kun tartibiga olib chiqdi. Hujjatlarda pul yuvish, korrupsiya va sanksiyalarni buzish xavflari bo‘yicha ichki ogohlantirishlarga qaramay, ayrim ishbilarmonlik aloqalari davom ettirilgani ilgari suriladi.

“Inside Deutsche Bank” deb atalgan ma’lumotlar to‘plami 9 milliondan ortiq elektron maktubni ham qo‘shganda 15 milliondan ziyod hujjatni o‘z ichiga olishi bildirildi. Hujjatlar muammoli operatsiyalar va bahsli mijozlar uchun mas’ul bo‘linmalardan olingani, ularni AQShlik advokat janubiy afrikalik jurnalist Khadija Sharife hamda hindistonlik jurnalist Josy Josephga yetkazgani aytiladi. Sharife va Joseph ma’lumotlarni dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq media tashkilotiga ulashgani qayd etildi.

Sizib chiqqan hujjatlar haqidagi xabarlarda bank Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi va bosqini boshlanishidan sal oldin, 2022-yil fevralida Rossiyadagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgani hamda oligarxlarni mijoz sifatida jalb qilishga uringani aytiladi. Hujjatlarda, jinoiy tashkilot deb taxmin qilingan tarmoqlar pul o‘tkazmalarini Deutsche Bank orqali amalga oshirgani haqidagi da’volar ham keltirilgan.

Hujjatlarda Donald Trump bilan bog‘liq kredit munosabatlariga doir tafsilotlar ham bor. Xabarlarga ko‘ra, 1990-yillarda Trumpga kredit bergan yagona muassasa Deutsche Bank bo‘lgan va bank 1998-yilda Wall Streetdagi ofis binosini ta’mirlash uchun unga 125 million dollar kredit ajratgan. Keyingi yillarda Trump va unga yaqin kompaniyalarga kamida 2,5 milliard dollar kredit berilgani, Trump 2016-yilda prezident etib saylanganida Deutsche Bankdan qariyb 331 million dollar qarzi bo‘lgani bildirilgan.

Hujjatlarda bank 2017-yilda AQSh prezidenti Donald Trumpning soliq hujjatlarini adashib boshqa kishiga yuborgani, biroq Trumpni bundan xabardor qilmagani ham aytiladi. Jinsiy tajovuz uchun hukm qilingan Jeffrey Epstein esa ichki ogohlantirishlarga qaramay, olti yil davomida Deutsche Bank mijozi bo‘lgani bildirilgan. Xabarlarga ko‘ra, bank Epstein va unga aloqador shaxslar nomidan taxminan 580 million dollarlik shubhali pul o‘tkazmalariga vositachilik qilgan.

Hujjatlarga oid xabarlar e’lon qilingach, Deutsche Bank tilga olingan voqealar “ko‘p yillar oldin, ayrim hollarda esa 20 yil oldin sodir bo‘lganini” bildirdi. Bank 2018-yil aprelidan beri bosh direktor bo‘lgan Christian Sewing rahbarligida tubdan o‘zgarish jarayonidan o‘tganini ta’kidladi. Bayonotda 2019-2025-yillarda ichki audit va nazorat mexanizmlarini mustahkamlash uchun 7 milliard yevro sarflangani, “Bu qadamlar tufayli bugun biz boshqacha, kuchliroq va xavfsizroq bankmiz”, deb qayd etildi.

LIVEKunning xabarlari