Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga kamida 500 mln dollar yo‘naltirmoqchi

Yevroosiyo taraqqiyot banki 2027-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga kamida 500 mln dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bankning 2027-2031-yillardagi umumiy investitsiya portfeli 3 mlrd dollarga yetishi mumkin.

Yevroosiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi investitsiya rejalari
Matn

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB) 2027-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga kamida 500 mln dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Bank matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu rejalar YTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev uchrashuvida muhokama qilindi.

Tomonlar bankning 2027-2031-yillarga mo‘ljallangan mamlakat strategiyasini ham ko‘rib chiqdi. Ushbu besh yil davomida investitsiyalarning umumiy hajmi 3 mlrd dollarga yetishi mumkin. Avvalroq bank 1,5 mlrd dollar sarmoya kiritishga tayyor ekani xabar qilingan edi.

Hozir YTB O‘zbekistondagi 10 ta salohiyatli loyihani o‘rganmoqda. Podguzovning aytishicha, ularga yo‘naltiriladigan investitsiyalarning jami hajmi 1 mlrd dollardan oshishi mumkin. U shunday dedi: “O‘zbekiston YTB investitsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.”

Bank davlat kompaniyalari va xususiy investorlar bilan birgalikda loyiha moliyalashtirishi hamda sindikatsiyalashgan kreditlash orqali ishlashni rejalashtirmoqda. Podguzov bunday suveren bo‘lmagan vositalar xususiy va xalqaro kapitalni jalb qilishga yordam berishini, davlatning bevosita qarz yukini oshirmasligini bildirdi.

O‘zbekiston 2025-yilda YTBga qo‘shildi va bankning 10 foizlik ulushi bilan uchinchi yirik aksiyadoriga aylandi. Bankning Toshkentdagi vakolatxonasi 2026-yil may oyida ochildi. Iyun oxiri holatiga ko‘ra, YTB portfelida 22,1 mlrd dollarlik 348 ta loyiha bor edi.

LIVEKunning xabarlari