Oʻzbekiston va Malayziya islomiy moliya sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Kuala-Lumpurda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy davra suhbatida Malayziyaning islomiy moliyadagi tajribasi va Oʻzbekistondagi huquqiy rejalar ko‘rib chiqildi. Tomonlar moliya hamda qonun ijodkorligi yoʻnalishlaridagi kelgusi hamkorlikni ham muhokama etdi.

Kuala-Lumpurda Oʻzbekiston va Malayziya vakillarining islomiy moliya bo‘yicha uchrashuvi
Matn

Oʻzbekiston parlamenti vakillari va malayziyalik olimlar islomiy moliyani rivojlantirish istiqbollari hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Qonunchilik palatasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, muzokaralar Kuala-Lumpurda boʻlib oʻtgan ilmiy-amaliy davra suhbatida oʻtkazildi.

“Islomiy moliyaning asoslari va tajribasi” mavzusidagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatidagi ishchi guruh aʼzolari, universitet rahbariyati va yetakchi ilmiy xodimlar qatnashdi. Ishtirokchilar Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik rivojlanayotganini qayd etdi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot, oliy darajadagi tashriflar va ular doirasida erishilgan kelishuvlar keyingi hamkorlik uchun asos sifatida tilga olindi. Malayziya tomoni mamlakatning islomiy moliyani rivojlantirish tajribasi, amaldagi amaliyot va kelgusi rejalari haqida taqdimot qildi. INCEIF universitetining islomiy moliyaning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va soha mutaxassislarini tayyorlashdagi o‘rni alohida qayd etildi.

Delegatsiya rahbari, Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi Sharofiddin Nazarov Oʻzbekiston kapital bozori rivojiga qaratilgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida soʻzlab berdi. U islomiy moliya vositalarini joriy etish moliyaviy xizmatlarni diversifikatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda aholi va tadbirkorlar uchun qulay moliyaviy yechimlarni kengaytirish uchun istiqbolli ekanini taʼkidladi.

Ishtirokchilar Oʻzbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga doir qonunchilik rejalarini ham ko‘rib chiqdi. Uchrashuv yakunida tomonlar islomiy moliya va qonun ijodkorligi sohalaridagi kelgusi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

LIVEKunning xabarlari