Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bank matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mablag‘lar yuqoriroq haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish, xususiy sektor rolini kengaytirish, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini chuqurlashtirish hamda yanada ekologik toza va inklyuziv o‘sish modeliga o‘tishga qaratilgan islohotlarga yo‘naltiriladi.
Dastur doirasida hududlardagi xotin-qizlar, fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga asosiy e’tibor qaratiladi. Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar natijasida 2029-2031 yillarda 275 mingta qo‘shimcha va sifatliroq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Moliyalashtirish xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ham qamrab oladi. Ijtimoiy sug‘urta qamrovi, jumladan homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari kengaytiriladi; munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash mexanizmlari takomillashtiriladi va ijtimoiy ish xodimlarining malakasi oshiriladi.
Paket davlat korxonalarini isloh qilish va adolatli raqobat tizimini mustahkamlashga ham yordam beradi. Ma’lumotlarni xavfsiz transchegaraviy uzatish qoidalarini takomillashtirish korxonalarga raqamli texnologiyalar, bulutli xizmatlar va xalqaro raqamli platformalardan faolroq foydalanish imkonini berishi nazarda tutilgan. Dastur doirasida 2028 yilga borib yana 500 000 foydalanuvchi, jumladan 250 000 nafar xotin-qiz keng polosali internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, elektr iste’molchilarining 15 foiziga esa xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlari uchun tartibga soluvchi qoidalar ham yangilanadi.





