Oʻzbekiston Markaziy banki Citi va investorlar bilan iqtisodiyotni muhokama qildi

Oʻzbekiston Markaziy banki Citi delegatsiyasi hamda beshta xalqaro investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralarda inflyatsiya, pul-kredit siyosati, valyuta bozori va zaxiralarni boshqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

Markaziy bank, Citi va xalqaro investorlar ishtirokidagi uchrashuv
Matn

Oʻzbekiston Markaziy banki Citi delegatsiyasi va xalqaro investitsiya kompaniyalari vakillari bilan mamlakat makroiqtisodiy holatini muhokama qildi. Bank matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda inflyatsiya, pul-kredit siyosati hamda moliya bozorlarining joriy holati ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Markaziy bank rahbariyati, Citi vakillari, shuningdek Ashmore Group, Janus Henderson Investors, Point72, Vanguard va Ninety One investorlarining vakillari ishtirok etdi. Tomonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlari, investitsiya faolligi, kreditlash dinamikasi va budjet-soliq siyosatining makroiqtisodiy barqarorlikka ta’siri yuzasidan fikr almashdi.

Markaziy bank ishtirokchilarga amaldagi makroiqtisodiy vaziyat haqida ma’lumot berdi hamda inflyatsiyani 2027 yil oxiriga qadar 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish choralari haqida so‘z yuritdi. Qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralarda valyuta bozoridagi talab va taklif omillari, milliy valyuta kursi o‘zgarishlarining asosiy sabablari hamda bozor mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Xalqaro zaxiralarni boshqarish va diversifikatsiya qilish, oltin-valyuta aktivlari tarkibi, likvidlikni boshqarish vositalari, ichki pul bozorini rivojlantirish, moliya bozori islohotlari va investitsiya muhiti uchrashuvning boshqa mavzularidan bo‘ldi.

LIVEKunning xabarlari