Vashingtondagi Hudson institutida “Yangi Oʻzbekiston va oʻzbek-amerika strategik aloqalari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston tomonidan Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev va Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov qatnashdi. AQSh tomonida yetakchi tahliliy markazlar vakillari hamda Davlat departamenti xodimlari ishtirok etdi.
Hudson instituti prezidenti Jon Uolters tabrik nutqida AQShning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi. U bunga AQSh davlat kotibi Marko Rubioning oktabr oyida Samarqandga tashrifi va “C5+1” formatidagi uchrashuvni misol qilib keltirdi. Uolters Oʻzbekiston bilan erishilgan kelishuvlar ko‘lamiga ham yuqori baho berib, bitimlar paketi umumiy qiymati 12 milliard dollar ekanini aytdi.
Ishtirokchilar muhim minerallar sohasini ham qamrab olgan sanoat va texnologik kooperatsiyaga alohida eʼtibor qaratdi. Geologik qidiruv va qazib olishdan tortib qayta ishlash hamda ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun qiymat zanjiri bo‘ylab hamkorlikni kuchaytirish zarurligi muhokama qilindi. Fan sohasidagi hamkorlik va kadrlar tayyorlash masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Eldor Aripov mashinasozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi va moliya sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini bayon etdi. Uning fikricha, Amerika mahsulotlarini xarid qilishdan uzoq muddatli investitsiyalar, qoʻshma ishlab chiqarish va qoʻshimcha qiymat yaratishga oʻtish sheriklikni barqaror qilishi mumkin.
Transport bogʻliqligi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Aripov Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli, Transkaspiy yoʻlagi va Transafgʻon temir yoʻli loyihasining xalqaro bozorlarga chiqishni kengaytirish hamda yetkazib berish zanjirlarini diversifikatsiya qilish salohiyatini tilga oldi. Ishtirokchilar ushbu yoʻnalishlarning ochiqligi, prognoz qilinishi va foydalanish imkoniyati Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda AQShning uzoq muddatli iqtisodiy manfaatlariga mos kelishini taʼkidladi.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalari doirasida terrorizmga qarshi kurash va Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishi hamda mintaqaviy aloqalarga qoʻshilishi orqali barqarorlikka ko‘maklashish muhokama qilindi. Yakunda tomonlar Oʻzbekiston-AQSh muloqotini davom ettirish, o‘zaro tushunishni mustahkamlash va umumiy manfaatga ega yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligini bildirdi.





