Germaniyada depressiyaga chalinganlarning 38 foizi sun’iy intellekt bilan suhbatlashgan

Germaniyadagi tadqiqotda depressiya tashxisi qo‘yilgan ishtirokchilarning 38 foizi ruhiy muammolari haqida sun’iy intellekt roboti bilan gaplashganini aytdi. Natijalar yosh va jins bo‘yicha sezilarli farqlarni ko‘rsatdi.

Germaniyada depressiya bemorlarining sun’iy intellektdan foydalanishi haqidagi tadqiqot
Matn

Leypsigda joylashgan Germaniya Depressiyaga Yordam va O‘z Joniga Qasdning Oldini Olish Jamg‘armasi tadqiqotiga ko‘ra, Germaniyada depressiyaga chalinganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i sun’iy intellektdan yordam oladi. Seshanba kuni e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 38 foizi ruhiy muammolari haqida sun’iy intellekt roboti bilan suhbatlashganini bildirdi.

Sun’iy intellekt bilan gaplashganini aytganlar ulushi 18-29 yoshdagi depressiya bemorlarida 40 foizga yetdi. 60-69 yosh oralig‘idagi bemorlarda esa bu ko‘rsatkich 17 foizni tashkil etdi. Tadqiqot erkaklar ayollarga qaraganda sun’iy intellekt yordamiga ko‘proq murojaat qilishini ham ko‘rsatdi: erkaklarda bu ulush 41 foiz, ayollarda 35 foiz bo‘ldi.

Sun’iy intellektdan foyda ko‘rganini aytganlar ulushi ayollarda 59 foiz, erkaklarda 55 foiz etib qayd qilindi. Biroq, sun’iy intellekt bilan suhbatlardan keyin ahvoli yomonlashganini bildirganlar erkaklarda 16 foizni, ayollarda 8 foizni tashkil etdi. Ishtirokchilarning 44 foizi ruhiy muammolar haqida kompyuter bilan gaplashish o‘ziga salbiy va bosim beruvchi ta’sir ko‘rsatishini aytdi.

Tadqiqotda erkaklarning 45 foizi sun’iy intellektni professional davolash o‘rnini bosa oladigan darajada foydali deb bilishi, ayollarda esa bu ko‘rsatkich 26 foiz ekani aniqlandi. Erkak ishtirokchilarning 35 foizi sun’iy intellekt bilan suhbatlardan keyin o‘ziga zarar yetkazish yoki o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlari kuchayganini bildirgan; ayollarda bu ulush 17 foiz bo‘ldi.

Jamg‘arma prezidenti Ulrich Hegerl depressiya kabi jiddiy kasallikda tashxis yoki davolash uchun faqat sun’iy intellektga tayanish tavsiya etilmasligini bildirdi. U bemorlar psixiatrlar, psixologik psixoterapevtlar yoki oilaviy shifokorlarga murojaat qilishda davom etishi kerakligini ta’kidladi. Sentyabrda o‘tkazilgan tadqiqotda 18-69 yoshdagi 5 ming 300 dan ortiq kishi hamda 16-17 yoshdagi qariyb 100 nafar yosh bilan suhbat o‘tkazildi.

LIVEKunning xabarlari