O‘zbekistonda Koksaki virusi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror deb baholandi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi Koksaki virusi ham kiradigan enterovirus infeksiyalari bo‘yicha vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. Idora tashvish uyg‘otadigan tarqalish holatlari kuzatilmayotganini bildirdi.

O‘zbekistonda Koksaki virusi bo‘yicha epidemiologik vaziyat haqidagi ma’lumot
Matn

O‘zbekistonda enterovirus infeksiyalari, jumladan Koksaki virusi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va nazorat ostida qolmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasining axborot xizmati ma’lum qildi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mazkur infeksiyalarning tarqalishi bilan bog‘liq tashvish uyg‘otadigan holatlar kuzatilmayapti. Qo‘mita fuqarolarni faqat rasmiy manbalarda e’lon qilingan ishonchli ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.

Koksaki virusi enteroviruslar guruhiga mansub bo‘lib, yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar uning taxminan 30 turi ma’lum.

Bolalarda kasallik tana haroratining 39–40 °C gacha ko‘tarilishi, limfa tugunlarining kattalashishi, ko‘ngil aynishi va qusish bilan kechishi mumkin. Kuchli bosh og‘rig‘i, tanadagi toshmalar, og‘izda, tilda va milkda paydo bo‘ladigan og‘riqli yaralar hamda pufakchalar ham alomatlar qatoriga kiradi.

Enterovirus infeksiyalari havo-tomchi yo‘li bilan, shuningdek, iflos qo‘llar, o‘yinchoqlar va umumiy idishlar orqali yuqishi mumkin. Kasal odam terisidagi pufakchalardan ajralgan suyuqlik va uning ajralmalari bilan bevosita aloqa ham infeksiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Qo‘mita shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, qo‘llarni sovunlab muntazam yuvish, xavfsiz ichimlik suvi iste’mol qilish hamda sanitariya-gigiyena talablarini bajarishni tavsiya etdi.

LIVEKunning xabarlari