UTHealth Houston tadqiqotchilari o‘tkazgan yangi tadqiqot kech payt ovqatlanib, kech uxlaydigan odamlarda metabolik sindrom xavfi yuqoriroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Olimlar kechgacha uyg‘oq qolishga va kech ovqatlanishga moyil semizlikka chalingan odamlarda ushbu holat bilan bog‘liq alomatlar uchrashi ehtimoli “sezilarli darajada yuqori” ekanini bildirdi.
Tadqiqotda semizlikka chalingan 87 nafar katta yoshli kishining sog‘lig‘i va odatlari tahlil qilindi. Uyqu va ovqatlanish tartibi buzilgan ishtirokchilarda “o‘tkazuvchan ichak” alomatlari kuchaygani aniqlandi. Natijalar organizmning sirkadiyal ritm deb ham ataladigan ichki soati bilan kundalik xatti-harakatlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik me’da-ichak tizimi hamda ichak bakteriyalaridagi o‘zgarishlar orqali kasallik xavfiga hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatdi.
McGovern Tibbiyot maktabi Gastroenterologiya tadqiqot markazi direktori doktor Faraz Bishehsari shunday dedi: “Nima yeyishimiz metabolik salomatlik uchun muhimligini anchadan beri bilamiz, biroq qachon ovqatlanishimiz ham muhim bo‘lishi mumkinligini tobora yaxshiroq tushunmoqdamiz.” Uning aytishicha, tadqiqot sirkadiyal odatlarni ichak mikrobiotasi, ichak to‘sig‘i faoliyati va tizimli yallig‘lanish bilan bog‘lagani bilan e’tiborga loyiqdir.
Tadqiqotchilar ovqatlanish tartibini yaxshilash va probiotiklardan foydalanish foydali bakteriyalar miqdorini oshirishini ham sinovdan o‘tkazdi. Bu ichak mikrobiotasi metabolik salomatlik bilan odamlarning uyqu va ovqatlanish odatlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Bishehsari kelajakdagi izlanishlar sirkadiyal ritm uyg‘unligini yaxshilash yoki ichak mikrobiotasini mustahkamlashga qaratilgan muolajalar yallig‘lanishni kamaytirishi va metabolik kasalliklar xavfini pasaytirishini aniqlashga yordam berishi mumkinligini aytdi.
Cleveland Clinic ma’lumotiga ko‘ra, AQShdagi katta yoshli aholining qariyb uchdan birida metabolik sindromni tashkil etuvchi besh xavf omilidan biri mavjud. Ular semizlik va qorin sohasidagi ortiqcha yog‘, foydali xolesterin miqdorining pastligi, qondagi shakar miqdorining yuqoriligi, qon bosimining yuqoriligi hamda qonning bir detsilitrida 150 milligrammdan ortiq triglitserid mavjudligidan iborat. Bu holatlar yurak-qon tomir kasalliklari, insult va 2-tur qandli diabet kabi surunkali kasalliklar xavfini oshiradi.





