Sovuq mavsumda bolalar gripp va O‘RVI bilan tez-tez kasallanishi mumkin. Sanepidqo‘mita ota-onalarga infeksiya yuqishi va asoratlar xavfini kamaytirishga qaratilgan asosiy profilaktika choralarini eslatdi. Unda emlash, gigiyena qoidalariga rioya qilish va kasallangan bolani uyda qoldirish birgalikda muhim ekani qayd etildi.
Grippdan himoyalanishning eng samarali usullaridan biri emlash bo‘lib qolmoqda. U kasallanish, infeksiyaning og‘ir kechishi va asoratlar rivojlanishi xavfini kamaytirishga yordam beradi. Emlashni mavsumiy kasallanish ko‘payishidan oldin olish tavsiya etiladi. Biroq buning uchun qulay muddatni shifokor bilan muhokama qilish lozim: mutaxassis bolaning sog‘lig‘ini baholaydi va ehtimoliy qarshi ko‘rsatmalarni tekshiradi.
Ota-onalar bolaning holatiga e’tibor berishi kerak. Yuqori harorat, titroq, holsizlik, bosh va mushaklardagi og‘riq, burun oqishi yoki bitishi, yo‘tal hamda tomoq og‘rig‘i O‘RVI yoki gripp belgilari bo‘lishi mumkin. Bunday alomatlar kuzatilsa, bolani maktabga, bolalar bog‘chasiga, to‘garaklarga yoki sport mashg‘ulotlariga yubormaslik tavsiya etiladi. Kasallikning dastlabki belgilarida shifokorga murojaat qilish, mutaxassis tayinlovisiz bolaga dori bermaslik kerakligi bildirildi.
Bolalarni sayrdan keyin, ovqatlanishdan oldin va hojatxonaga borgach qo‘lini sovunlab yuvishga o‘rgatish lozim. Buning imkoni bo‘lmasa, yoshiga mos antiseptikdan foydalanish mumkin. Yo‘talish va aksirish paytida og‘iz-burni salfetka yoki tirsak bukilmasi bilan yopish, ishlatilgan salfetkani darhol tashlash va qo‘llarni yuvish kerak. Xonalarni muntazam shamollatish, nam tozalash o‘tkazish hamda eshik tutqichlari, stollar, kalitlar va gadjetlar kabi tez-tez ushlanadigan yuzalarni tozalash tavsiya qilindi. Bola uchun yetarli uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish, yetarli suyuqlik va ob-havo mos bo‘lsa har kuni sayr qilish ham muhim. O‘zbekistonda gripp va O‘RVI bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi odatda noyabrdan fevralgacha kuzatiladi, Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror ekanini bildirgan.





