Turizm qo‘mitasi gidlar uchun majburiy identifikatsiya kartalari, ya’ni beydjlarni joriy etishni taklif qildi. Tegishli nizom loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.
Loyihaga muvofiq, gidlar turistik obyektlarda ishlayotganida beydjni ustki kiyimining ko‘rinadigan joyiga taqib yurishi lozim bo‘ladi. Kartada gidning fotosurati va ismi, uning yagona identifikatsiya raqami hamda haqiqiyligini tekshirish uchun QR-kod ko‘rsatiladi.
Beydjlarni tekshirish Ichki ishlar vazirligi xodimlari zimmasiga yuklanadi. Zarurat tug‘ilganda ular kartadagi ma’lumotlarni malaka sertifikatlarining elektron reyestri bilan solishtirishi mumkin. Boshqaning, qalbakilashtirilgan yoki o‘zgartirilgan beydjidan foydalanish taqiqlanadi.
Madaniy meros agentligi beydjga ega gidlarning turistik obyektlarga bepul kirishini ta’minlaydi. Beydjsiz gid ekskursiya o‘tkazish huquqiga ega bo‘lmaydi. Amaldagi sertifikati bor, biroq beydji yo‘q gidga talablar tushuntiriladi; sertifikati mavjud bo‘lmasa yoki bekor qilingan bo‘lsa, ekskursiya to‘xtatiladi va uni davom ettirish uchun turoperator boshqa gid yuborishi kerak bo‘ladi.
Qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda materiallar vakolatli organlarga yuboriladi. Nizom rasmiy tasdiqlanganidan uch oy o‘tib kuchga kirishi belgilangan. Fikr va takliflar 29 noyabrgacha qabul qilinadi.





