O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va sohaga investitsiya jalb etish choralari muhokama qilindi. Uchrashuv turizmda sarmoyaviy faollikni rag‘batlantirish hamda turli hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
“Turizmga investitsiya jalb etish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish” mavzusidagi sessiya 25 noyabr kuni CAEx Uzbekistan ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbir 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — “Ipak yo‘lida turizm” doirasida tashkil etildi. Sessiyaning asosiy ma’ruzachilari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi xalqaro va ilmiy-sanoat kooperatsiyasi departamenti boshlig‘i Jamoliddin Qudratov bo‘ldi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi sessiyada “O‘zbekiston — turizm investitsiyalarining yangi markazi” tashabbusini taqdim etdi. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi investorlarning mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorligi uchun mo‘ljallangan raqamli platformani namoyish qildi. Madaniyat vazirligi esa “Madaniyat mehmonxonasi” loyihasini taqdim etdi.
Panel muhokamasida Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov va madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qatnashdi. Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakai ham munozarada ishtirok etdi.
Ishtirokchilar qatoridan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TİKA) Toshkentdagi idorasi rahbari Esin Ajar Ergin, Indoneziya Prezidenti huzuridagi turizm bo‘yicha maxsus vakil Zita Anjani, Xalqaro kongresslar va konferensiyalar assotsiatsiyasining (ICCA) Yevropa bo‘yicha mintaqaviy menejeri Efi Koudeli, shuningdek IHG Hotels & Resorts mintaqaviy bosh menejeri va InterContinental Tashkent mehmonxonasi rahbari Erik Zayler o‘rin oldi. Sessiya yakunida ma’ruzachilar ishtirokchilarning savollariga javob berdi.





