O‘zbekiston va Gonkong turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro turistik almashinuvlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar turizm tarmog‘idagi aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Kelishuv 2026-yil 25-noyabr kuni O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov va Gonkong Turizm kengashi (Hong Kong Tourism Board) ijrochi direktori Anthony Lau uchrashuvida qayd etildi. Muzokaralar Toshkentda ochilgan “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda turizm sohasidagi Birinchi xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning turistik salohiyatini Gonkong bozorida targ‘ib qilish, qo‘shma marketing tadbirlarini o‘tkazish va tanishtiruv safarlarini tashkil etish muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Ishtirokchilar Gonkongdan keladigan sayyohlar uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekistondagi turizm yo‘nalishlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratdi. Ular qatorida xarid, gastronomik, ko‘ngilochar, tungi va zamonaviy shahar turizmi bor. Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni davom ettirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga kelishdi.





