Oʻzbekiston CEOWORLD Travel Safety Ranking 2027 reytingida sayohatchilar xavfsizligi bo‘yicha dunyoda 27-oʻrinni egalladi. Mamlakat juda yuqori xavfsizlik darajasini bildiruvchi “Very High” toifasiga kiritildi hamda Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat deb topildi.
Travel Safety Ranking mualliflari reytingni tuzishda jamoat xavfsizligi, barqarorlik va osoyishta vaziyat kabi omillarni hisobga oldi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozogʻiston 44-oʻrinni, Turkmaniston 57-oʻrinni, Qirgʻiziston 65-oʻrinni, Tojikiston esa 73-oʻrinni egalladi.
Nashrda Oʻzbekiston 2026 yil uchun Global Peace Index yakunlariga ko‘ra tinch mamlakatlar qatoriga kirishi ham qayd etildi. Bu maʼlumot mamlakatning sayohatchilar xavfsizligiga doir baholashlari bilan birga keltirildi.
AQSh Davlat departamenti Oʻzbekistonga sayohat bo‘yicha birinchi darajadagi tavsiyani, yaʼni “Oddiy ehtiyot choralariga amal qiling” ko‘rsatmasini bergan. Idoraning toʻrt darajali tizimida bu sayohatchilar odatiy ehtiyot choralarini ko‘rishi yetarli ekanini anglatadi, eng yuqori daraja esa safardan butunlay voz kechishni tavsiya qiladi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon tezkor toʻlov tizimlarini integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Loyiha ishga tushirilgach, sayyohlar odatiy bank ilovalari orqali QR-kodlar yordamida xorijda xaridlar uchun toʻlov qilishi mumkin bo‘ladi.





