26-noyabr kuni Toshkentda 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — “Ipak yo‘lidagi turizm — TMY 2026” (TITF 2026)ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yarmarka 25–27-noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazma markazida o‘tkazilmoqda va turizm yo‘nalishlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar hamda investorlarni birlashtirmoqda.
Tadbirda 45 dan ortiq mamlakat vakillari, 600 dan ziyod xorijiy kompaniya va qariyb 20 xalqaro tashkilot qatnashishi kutilmoqda. Yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Qo‘mita huzuridagi Milliy PR-markaz tomonidan tashkil etilgan. Tadbir operatori Iteca Exhibitions bo‘lib, u UN Tourism ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Yarmarka bilan bir vaqtda Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi ham bo‘lib o‘tmoqda. Forum soha vakillari, investorlar va xalqaro hamkorlarni investitsiya loyihalari hamda hamkorlikning yangi shakllarini muhokama qilish uchun birlashtirdi. Milliy ekspozitsiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda poytaxtni o‘z ichiga olgan holda mamlakatning barcha 14 hududi taqdim etilmoqda.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 11,6 million nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,4 foizga yuqori. Yarmarkada Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Xitoy va Gonkong, Qirg‘iziston, Malayziya, Tojikiston, Turkiya hamda Chexiya milliy pavilonlari ochildi.
Ishbilarmonlik dasturidan xalqaro turizm xizmatlari xaridorlari va eksponentlar o‘rtasidagi maqsadli B2B uchrashuvlarni qamrab olgan Bayyer dasturi o‘rin olgan. Shuningdek, mamlakatlar va hududlar taqdimotlari, forumlar, soha ekspertlari ishtirokidagi panel muhokamalari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi, milliy taomlar taqdimotlari va turli mamlakatlarning an’anaviy chiqishlari rejalashtirilgan.





