O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Janubiy Koreya raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Inha Universityning Farg‘ona kampusini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Toshkentda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning Jeongseok Foundation jamg‘armasi raisi Son Yon Rak va Inha University prezidenti Chxve Ki Yon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muzokaralardan avval delegatsiyaga IT Park Uzbekistan faoliyati tanishtirildi. Mehmonlarga IT sanoati va startap ekotizimining rivoji, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda mahalliy IT kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Delegatsiya vakillari Uzinfocom markaziga ham tashrif buyurib, raqamli davlat xizmatlari, axborot tizimlari va infratuzilmasi, shuningdek davlat organlarining raqamli transformatsiyasi yo‘nalishidagi ishlar bilan tanishdi. Tomonlar Farg‘onadagi Inha University kampusini Toshkentdagi universitetning davomi sifatida emas, balki hududning iqtisodiy va demografik salohiyati hamda mehnat bozori talablarini hisobga oladigan ixtisoslashgan ta’lim maydoni sifatida shakllantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Ta’lim sifati, iste’dodli yoshlarni saralash va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Kampusni mintaqaviy ta’lim markaziga aylantirish uchun Farg‘ona vodiysi va qo‘shni mamlakatlardan talabalarni jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
O‘quv dasturlarini sun’iy intellekt davri talablariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Aerokosmik sanoat, aviatsiya, aeroportlarni boshqarish, transport va logistika uchun mutaxassislar tayyorlash kun tartibidan o‘rin oldi.
Tomonlar hamkorlikning uchinchi bosqichi doirasida universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishni ham muhokama qildi. Tadqiqot va ishlanmalar markazlarini tashkil etish, magistratura va doktorantura dasturlarini kengaytirish, o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuvda Inha University bilan strategik sheriklikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida qo‘shma ta’lim loyihalarini boshlash imkoniyati yuzasidan ham fikr almashildi.





