Namangandagi ekologik ta’lim loyihasi ETF mukofotida g‘olib bo‘ldi

Tarix o‘qituvchisi Abrorjon Sadriddinov va o‘quvchilari yaratgan Barqaror kelajak hamjamiyati dasturi ETF Green Skills Award 2026 tanlovida birinchi o‘rinni egalladi. Tashabbus 25 ta maktabda 25 ming kishini qamrab oldi.

Namangandagi Barqaror kelajak hamjamiyati loyihasining ETF mukofoti
Matn

Namanganlik tarix o‘qituvchisi Abrorjon Sadriddinov o‘quvchilari organik chiqindilarni qayta ishlash qutilariga tashlayotganini ko‘rgach, maktabdagi ekologik ta’lim usullarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. U o‘quvchilari bilan birga ishlab chiqqan tashabbus Italiyaning Turin shahrida o‘tkazilgan Yevropa ta’lim jamg‘armasi (ETF)ning Green Skills Award 2026 tanlovida birinchi o‘rinni oldi. O‘zbekiston jamoasi 94 mamlakatdan yuborilgan 369 ariza orasidan ekspertlar hay’ati tanlagan olti finalchidan biri bo‘ldi, g‘oliblar esa xalq ovozi bilan aniqlandi.

Barqaror kelajak hamjamiyati (SFS) deb nomlangan dastur xalqaro Eco-Schools tizimini O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtiradi. Unda o‘quvchilar o‘z maktablaridagi ekologik muammolarni aniqlaydi, ularning yechimlarini ishlab chiqadi va amalga oshirilgan ishlarning ta’sirini o‘lchaydi. Shu orqali ular tanqidiy fikrlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va loyiha boshqaruvi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Ikki yil ichida Namangandagi Prezident maktabi xalqaro miqyosda tan olinadigan Yashil bayroq sertifikatini olish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyinchalik tashabbus chiqindilarni qayta ishlash tizimlari va energiyani tejash choralari qatorida o‘quvchilar boshchiligidagi 128 loyihani qamrab oldi. ETF ma’lumotiga ko‘ra, ushbu modelni katta sarmoya yoki murakkab texnologiyalarsiz boshqa maktablarda ham qo‘llash mumkin.

Mukofotni olgach, Sadriddinov atrof-muhitni asrash har bir kishining mas’uliyati ekanini ta’kidlab, birgalikda “barqaror kelajagimizni qura olishimiz”ga ishonch bildirdi. ETF direktori Pilvi Torsti esa g‘olib tashabbuslar “yashil o‘tish endi mavhum maqsad emasligini, u allaqachon hamjamiyatlar, pedagoglar va innovatorlar boshqarayotgan jarayon sifatida oldinga siljiyotganini” ko‘rsatishini aytdi.

Mukofotlar 23-25 noyabr kunlari o‘tkazilgan Turin Global Skills Summit yakuniy kunida topshirildi. Sammitda 48 mamlakatdan 250 dan ortiq ishtirokchi va 80 nafar ma’ruzachi qatnashdi. ETF tashkil etgan tadbir raqobatbardoshlik, bandlik va ijtimoiy hamjihatlikda ta’lim hamda kasbiy tayyorgarlikning o‘rniga bag‘ishlandi. Keyingi Turin Global Skills Summit 2028 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

LIVEKunning xabarlari