Kinematografiya agentligi va “O‘zbekfilm” davlat muassasasi tugatiladi

Kino sohasida davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi. Vazirlikda Kino san’ati departamenti tashkil etilib, yangi “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydi.

O‘zbekistonda kino sohasi boshqaruvini isloh qilish haqidagi xabar
Matn

Kino sohasida davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi. Vazirlik tarkibida Kino san’ati departamenti tashkil etiladi. Shuningdek, zamonaviy biznes modeli asosida faoliyat yuritadigan yangi “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tuziladi.

Shavkat Mirziyoyev kino sohasini boshqarish, moliyalashtirish va film yaratish bilan bog‘liq vazifalar aniq ajratiladigan yangi tizimga o‘tilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ixcham va zamonaviy boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi, Kinematografiya agentligi tugatiladi hamda sohadagi davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga beriladi.

Madaniyat vazirligida tashkil etiladigan Kino san’ati departamenti rahbarining maqomi vazir o‘rinbosari maqomiga tenglashtiriladi. Mas’ullarga bir oy ichida departament faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va Kinematografiya agentligi hamda uning tizimidagi tashkilotlarni tugatishni ta’minlash topshirildi.

“O‘zbekfilm”ning tashkiliy va iqtisodiy modeli ham yangilanadi. Davlat muassasasi tugatilib, zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan yangi “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Prezident bu kompaniya milliy kino brendini yaratish va zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha tayanch markaz hamda bosh operator bo‘lishini ta’kidladi.

“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi film ishlab chiqarmaydi, film yaratish to‘liq xususiy sektorga o‘tadi. Kompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish va tarqatish, shuningdek, ularni xalqaro bozorlar hamda festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Bu orqali filmni ishlab chiqarishdan tomoshabinga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayon yaxlit tizimga birlashtirilishi ko‘zda tutilgan, kompaniya faoliyatini esa bir hafta muddatda yo‘lga qo‘yish topshirilgan.

LIVEKunning xabarlari