O‘zbekistonda 6,5 milliard dollarlik yo‘l loyihalari amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qiymati 6,5 milliard dollarga teng yo‘l infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirmoqda. Kelgusi yilda besh hududdagi yirik yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilishni boshlash rejalashtirilgan.

O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llari infratuzilmasi loyihalari
Matn

O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 6,5 milliard dollarga teng yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda mamlakatning besh hududidagi bir necha yirik avtomobil yo‘li uchastkalarini rekonstruksiya qilishni boshlash rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliy markazida o‘tayotgan transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Yaqinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida Urganch–Tuproqqal’a yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi boshlandi. Kelgusi yilda Jahon banki bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatidagi M-41 avtomobil yo‘lining 97 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish boshlanadi.

Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Qashqadaryo viloyatidagi A-380 yo‘lining 100 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki ishtirokida Sirdaryo viloyatidagi A-373 avtomobil yo‘lining 37 kilometri hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ko‘magida Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi M-37 yo‘lining 69 kilometri rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda xususiy biznesni avtomobil yo‘llari va ko‘priklarni qurish, saqlash hamda boshqarishga faolroq jalb etish niyati bildirilgani xabar qilingan edi. Investorlar uchun umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 131 loyiha tayyorlangan.

LIVEKunning xabarlari