Maskatda Oʻzbekiston, Ummon va Eron tashqi ishlar vazirlari uchrashdi

Maskatdagi uch tomonlama muloqotda savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-logistika hamkorligi va mintaqadagi vaziyat muhokama qilindi. Tomonlar keskinlikni diplomatik yoʻl bilan yumshatish zarurligini qayd etdi.

Maskatda Oʻzbekiston, Ummon va Eron tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi
Matn

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Maskatda Ummon va Eron tashqi ishlar vazirlari bilan uch tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Unda iqtisodiy hamkorlik hamda mintaqadagi vaziyat masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy va Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy ishtirok etdi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Mavjud tranzit salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalalari ham muhokama etildi.

Ishtirokchilar mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Ular saqlanib qolayotgan keskinlikni diplomatik vositalar orqali tartibga solish va tomonlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish zarurligini taʼkidladi.

Vazirlar amaliy hamkorlikni kengaytirish va mavjud hamkorlik imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish muhimligini ham qayd etdi. Tomonlar mintaqada tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlarni izchil davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

LIVEKunning xabarlari