Microsoftning Outlook, Teams va Copilot kabi xizmatlarida payshanba oqshomidan beri kirish muammosi kuzatilmoqda. AQShda joylashgan kompaniya uzilishga sabab bo‘lganini bildirgan server muammolarini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Muammo 12 soatdan ortiq davom etayotgani ma’lum qilindi.
Microsoft so‘nggi yangilanishida ta’sirlangan serverlar sozlamalariga ayrim o‘zgartirishlar kiritganini bildirdi. Kompaniyaning qayd etishicha, bu choralar barqaror tiklanishni ta’minlamagan, biroq o‘zgartirishlar qo‘llangan hududlarda qisman yaxshilanish kuzatilgan.
Kompaniya X tarmog‘idagi bayonotida: “Umumiy infratuzilma barqarorligini oshirish uchun yana qanday qo‘shimcha qadamlarni qo‘yishimiz mumkinligini baholamoqdamiz”, dedi. Microsoft uzilishga olib kelgan har qanday zararli faoliyatdan xabardor emasligini ham bildirdi.
Muammo AQSh, Yaponiya va Avstraliyadagi davlat idoralari, shuningdek OpenAI va Anthropic kabi sun’iy intellekt kompaniyalariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Uzilishlarni kuzatish platformasi Downdetector ma’lumotiga ko‘ra, Microsoft mahsulotlari 74 mamlakat va hududda ishlamay qoldi, AQShda Outlook bilan bog‘liq muammo haqida xabar bergan foydalanuvchilar soni 130 mingga yetdi. Bu Microsoft 365 xizmatlarida joriy yildagi ikkinchi uzilish bo‘ldi.




