Xitoyda 1 000 kilometrlik ichi bo‘sh optik tola liniyasi orqali real vaqt rejimida ikki yo‘nalishli ma’lumot uzatish sinovi yakunlandi. Tajribada qo‘llangan liniyaning umumiy uzunligi 1 007,48 kilometrni tashkil etdi. U orqali har ikki yo‘nalishda bir paytning o‘zida soniyasiga 64 terabit tezlikda signal uzatishga erishildi.
Har bir yo‘nalishdagi bunday o‘tkazuvchanlik soniyasiga har biri 50 gigabayt hajmdagi 160 ta 4K filmni yuklab olish yoki jo‘natishga teng ekani bildirildi. Signalning bir yo‘nalishda 1 000 kilometr masofani bosib o‘tishi 3,43 millisekund vaqt oldi. Natija ichi bo‘sh optik tola orqali real vaqt rejimida ma’lumot uzatish masofasi bo‘yicha yangi rekord sifatida ta’riflandi.
Hozir foydalanilayotgan optik tolalarning aksariyatida signal kvarts shishasidan tayyorlangan yaxlit o‘zak orqali uzatiladi. Ichi bo‘sh optik tolada esa signal asosan havo bilan to‘ldirilgan kanal bo‘ylab harakatlanadi. O‘tkazilgan sinov mazkur yechimning uzoq masofaga ma’lumot uzatishdagi amaliy imkoniyatini ko‘rsatdi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, texnologiya eng yaxshi mavjud yaxlit o‘zakli tolalarga nisbatan ma’lumot uzatish quvvatini ikki baravar, uzatish masofasini esa 60 foizga oshiradi. Shu turdagi ichi bo‘sh tolaning avvalgi sinovlari bilan solishtirilganda, bu tajribada ma’lumot uzatish masofasi 50 baravar ko‘paydi.
China Telecom kompaniyasining yangi avlod axborot-kommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha bosh eksperti Xo Syaolining aytishicha, ichi bo‘sh tola signallarni gaz muhiti orqali uzatadi. Bu yechim kechikishni 30 foizga kamaytirish imkonini beradi. Sinov mavjud uzatish uskunalaridan qayta foydalanilgan holda ham katta hajmdagi ma’lumotni uzoq masofaga kam kechikish bilan yetkazish mumkinligini tasdiqlagani qayd etildi.
Texnologiya hozirda moliya sohasi uchun ajratilgan, ichi bo‘sh optik tola asosidagi dunyodagi birinchi transchegaraviy tijoriy aloqa liniyasida qo‘llanmoqda. Ushbu liniya Xitoy janubidagi Guangdong provinsiyasining Shenzhen shahri bilan Hongkongni bog‘laydi.




