Microsoft’ning Outlook, Teams va Copilot xizmatlaridagi global ulanish muammosi sezilarli darajada yengillashdi. Kompaniya qariyb 20 soat davomida millionlab foydalanuvchilarga ta’sir qilgan uzilishdan so‘ng, ayniqsa Shimoliy Amerika va Yevropada xizmatlar bosqichma-bosqich odatiy holatga qayta boshlaganini ma’lum qildi.
Microsoft avvalroq zararlangan serverlarda turli o‘zgartirishlar kiritilganini, biroq bu choralar muammoni to‘liq bartaraf etish uchun yetarli bo‘lmaganini bildirgan edi. Kompaniya umumiy infratuzilma barqarorligini oshirish uchun qo‘shimcha choralarni ham ko‘rib chiqayotganini qayd etgan.
X ijtimoiy tarmog‘idagi so‘nggi yangilanishda xizmatlarga kirish imkoniyati yaxshilanishda davom etayotgani aytildi. Microsoft Shimoliy Amerikada “keng qamrovli yaxshilanishlar” qayd etilganini, Yevropaning katta qismida ulanish muammolari asosan bartaraf qilinganini, Osiyo-Tinch okeani hududida esa tiklanish alomatlari kuzatilayotganini bildirdi. Elektron pochta navbatlari ham sezilarli qisqartirilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, kompaniya ayrim foydalanuvchilar xizmatlarga kirishda yoki elektron xatlar yetkazilishida hanuz kechikishlarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Microsoft uzilish to‘liq bartaraf etilganini hali e’lon qilgani yo‘q va Outlook, Teams hamda Copilot boshchiligidagi xizmatlarni odatiy ish quvvatiga qaytarish ishlari davom etayotganini bildirdi.
Microsoft uzilish kiberhujum oqibatida yuz berganini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘qligini ham ma’lum qildi. Avstraliya ichki ishlar vaziri Tony Burke Microsoft vakillari bilan gaplashganini aytib, ular “kiberhujumga duch kelgan deb o‘ylamayapti. Ular buni yangilanish noto‘g‘ri ketgani sababli 2024-yildagi CrowdStrike hodisasiga o‘xshash holat deb hisoblamoqda”, dedi.
2024-yil iyulidagi yirik CrowdStrike uzilishi dunyo bo‘ylab aeroportlarda parvozlar to‘xtashiga, shifoxonalar va banklarda uzilishlarga olib kelgan edi. Texasda joylashgan CrowdStrike kiberxavfsizlik kompaniyasi o‘sha paytda muammo Microsoft Windows operatsion tizimidan foydalanuvchi kompyuterlarga ta’sir qilgan noto‘g‘ri yangilanish bilan bog‘liqligini bildirgan.
Microsoft xizmatlaridagi muammo AQSh, Yaponiya va Avstraliyadagi davlat idoralari, shuningdek OpenAI va Anthropic kabi sun’iy intellekt kompaniyalariga ham ta’sir qilmoqda. Buyuk Britaniyada sog‘liqni saqlash xizmatlarida uzilish bilan bog‘liq jiddiy qiyinchiliklar qayd etildi. Microsoft saytiga ko‘ra, Outlook va Teams kabi ilovalarni o‘z ichiga olgan Microsoft 365 xizmatidan dunyo bo‘ylab 430 milliondan ortiq kishi foydalanadi, Downdetector esa Microsoft mahsulotlari 74 mamlakat va hududda ishlamay qolganini bildirdi.




