O‘zbekiston vakillari amerikalik investorlarga mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlarini tanishtirdi hamda tarmoqqa kapital jalb qilish istiqbollarini muhokama qildi. IT Park Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvlarda texnologik sektordagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
AQSh Savdo palatasi vakillari ishtirokidagi davra suhbati 9 noyabr kuni Vashington shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimdjanov, IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish direktori Jahongir Kagirov va Shimoliy Amerika bo‘yicha rivojlantirish direktori Russ Yapparov qatnashdi.
Uchrashuv qatnashchilariga O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish, IT-autsorsing va malakali kadrlarni tayyorlash imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Tomonlar Amerika investitsiyalarini jalb etish hamda texnologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, B20 sammiti doirasida IT Park Uzbekistan vakillari DHL, SKRAY, DLFL, Cyber Qubits va Unscripted kompaniyalari bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvlarda O‘zbekistonda autsorsing markazlari va global kompetensiya markazlarini (GCC) tashkil etish istiqbollari, shuningdek, mazkur kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlari muhokama qilindi.




