O‘zbekistonda “Radar” ogohlantiruvchi belgilarini o‘rnatish tartibi o‘zgartirildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, bunday belgilar faqat statsionar tezlik nazorati vositalari oldida o‘rnatiladi.
Mobil radarlar uchun ogohlantiruvchi belgi o‘rnatish talabi endi tatbiq etilmaydi. O‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-oktabrdagi 596-son qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatning yangi tahririga binoan, “Radar” belgisi statsionar radardan 250 metrdan 500 metrgacha bo‘lgan masofada o‘rnatilishi lozim. Tegishli normadagi mobil qurilmalar haqidagi avvalgi eslatma chiqarib tashlandi.
Tuzatishlar Yo‘l harakati qoidalarining 5.43-bandiga ham kiritildi. Yangilangan normalar haydovchilarni statsionar tezlik nazorati vositalari joylashgan hududlar haqida ogohlantirish majburiyatini belgilaydi, biroq bu talab mobil qurilmalarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Avval tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-maydagi 318-son qarori 9-bandi bilan tartibga solingan edi. U tezlikni nazorat qilish uchun statsionar radarlar joylashtirilgan yo‘l uchastkalarida “Radar” belgisini o‘rnatishni nazarda tutgan va bu talab 2025-yil 1-sentabrdan kuchga kirgan.
Yangi o‘zgartirishlar yo‘l kameralaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilayotgan bir paytda qabul qilindi. 2026-yil 1-noyabrdan tadbirkorlarga haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizlik kamarini taqmagan holatlarini qayd etish uchun xususiy kameralardan foydalanishga ruxsat berildi.




