Toshkent metrosida besh vagonli poyezdlarga o‘tish 2027-yil sentabriga mo‘ljallangan

Toshkent metropoliteni ijtimoiy tarmoqlardagi besh vagonli poyezdlar 20-noyabrgacha qatnay boshlashi haqidagi xabarni rad etdi. Yangi tarkibga ommaviy o‘tish eng erta 2027-yil sentabrida kutilmoqda.

Toshkent metrosining besh vagonli poyezdlarga o‘tish rejasi
Matn

Toshkent metropoliteni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan besh vagonli poyezdlar 20-noyabrgacha yo‘lga qo‘yilishi haqidagi ma’lumot ishonchsiz ekanini ma’lum qildi. Rejaga ko‘ra, mavjud poyezdlarning 80 foizini tashkil etuvchi 54 ta tarkib 2027-yil sentabriga qadar yangi tuzilishga o‘tkaziladi.

Metropoliten hozirda asosiy e’tibor poyezdlar harakati oralig‘ini qisqartirishga qaratilganini bildirdi. Yo‘lovchilar oqimi yuqoriligini hisobga olib, liniyalarga qo‘shimcha zaxira tarkiblar bosqichma-bosqich chiqarilmoqda. Natijada poyezdni kutishning o‘rtacha vaqtini 2–3 daqiqagacha tushirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, metropoliten Transport vazirligi va Toshkent shahar Kengashi bilan hamkorlikda besh vagonli tarkiblarga o‘tish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qo‘shimcha vagonlarni xarid qilish konsepsiyasi allaqachon ishlab chiqilgan.

Yangi tarkiblarni ishga tushirish muddatlari harakat tarkibining ishlab chiqarilishi, xarid qilinishi va poytaxtga yetkazib berilishi, shuningdek, tashkiliy masalalar hal etilishiga bog‘liq. Shu sababli besh vagonli tuzilishga ommaviy o‘tish 2027-yil sentabridan oldin kutilmaydi. Metropoliten aholini faqat rasmiy xabarlarga tayanishga va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Bundan bir kun avval Toshkentda ish boshlagan “Choshtepa” temiryo‘l stansiyasi shahar atrofi elektr poyezdlarini metro va avtobuslar bilan bog‘ladi. Endi Sirdaryo, Guliston, Xovos va Bekobodga yo‘l olgan yo‘lovchilar Janubiy vokzalga bormasdan elektr poyezdiga o‘tishlari mumkin.

LIVEKunning xabarlari