Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km ajratilgan yo‘lak barpo etiladi

Toshkent hokimi to‘rtta ko‘chada BRT avtobus yo‘laklarini tashkil etish ro‘yxatini tasdiqladi. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga dastlab 6,5 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilangan.

Toshkentdagi BRT avtobus yo‘laklari rejalashtirilgan ko‘chalar
Matn

Toshkent hokimining 2026-yil 29-oktabrdagi hujjati bilan shaharda avtobuslar uchun jami 17,9 km uzunlikdagi ajratilgan BRT yo‘laklari tashkil etiladigan to‘rtta yo‘nalish belgilandi. Hujjatda, shuningdek, shaharning markaziy ko‘chalarini ta’mirlash bo‘yicha manzilli ishlar ro‘yxati tasdiqlangan.

Eng uzun, 6,3 km lik qism Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi bo‘ylab o‘tadi. Avtobuslar uchun alohida yo‘laklar Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridan o‘tuvchi Muqimiy ko‘chasida 4,6 km, Shayxontohur tumanidagi Qoratosh va Ko‘kcha-Darvoza ko‘chalarida 4,2 km hamda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasida 2,8 km masofada tashkil qilinadi.

Qaror Toshkent ko‘chalarida jamoat transporti ustuvorligini oshirish va aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgani qayd etildi. U Toshkentni 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 2023-yil 26-iyuldagi UP-112-son Prezident farmoniga muvofiq hamda transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarining murojaati inobatga olingan holda qabul qilingan.

Ta’mirlash va qurilish ishlarining buyurtmachisi etib Toshkent Invest kompaniyasi AJ belgilandi. Kompaniya qonunchilikda belgilangan tartibda bosh loyihachi, bosh pudratchi va texnik nazorat tashkiloti yoki muhandis-maslahatchilarni aniqlashi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni ta’minlashi hamda ular bo‘yicha “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” davlat muassasasining ijobiy xulosasini olishi kerak.

Ishlarni tijorat banklari kreditlari, Toshkent hokimligining Yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan. Oxirgi jamg‘armadan buyurtmachi xarajatlari va loyiha hujjatlarini tayyorlash uchun dastlab 6,5 mlrd so‘m ajratiladi; markaz xulosasidan keyin summa qayta hisoblanib, qoldiq mablag‘ jamg‘armaga qaytariladi. Hokim o‘rinbosarlari Abdurahmon Baxtiyev va Obidjon Muminov kommunal xizmatlar bilan birga muhandislik tarmoqlarini qurish, ko‘chirish va ta’mirlash yo‘l ta’miri boshlanishidan avval yakunlanishini ta’minlashi lozim. Quduqlar va kommunikatsiyalarni ta’mirlash hamda ko‘chirish xarajatlari ularning balansida bo‘lgan tashkilotlar tomonidan qoplanadi.

LIVEKunning xabarlari