Toshkent metrosida 54 ta poyezd besh vagonli tarkibga o‘tkaziladi

Toshkent metropoliteni 20-noyabrgacha besh vagonli poyezdlar qatnovi boshlanishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Rejada 2027-yil sentyabrgacha mavjud tarkiblarning 80 foizini qayta jihozlash ko‘zda tutilgan.

Toshkent metropolitenidagi poyezd
Matn

Toshkent metropoliteni yaqin vaqtda besh vagonli poyezd tarkiblarini qatnovga chiqarishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Metro matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda 20-noyabrgacha yo‘lovchi tashish uchun besh vagonli poyezdlar ishga tushirilishi haqida tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga mos emasligini bildirdi.

Yo‘lovchilar oqimi yuqoriligi hisobga olinib, poyezdlar orasidagi intervalni o‘rtacha 2-3 daqiqagacha qisqartirish choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun zaxira tarkiblar qatnovga jalb etiladi.

“Toshkent metropoliteni” Transport vazirligi va poytaxt Kengashi bilan qo‘shimcha vagonlarni xarid qilish bo‘yicha tashkiliy ishlarni olib bormoqda. Qo‘shimcha vagonlar xaridi konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 2027-yil sentyabrgacha 54 ta tarkib, ya’ni mavjud poyezdlarning 80 foizi besh vagonli tuzilishga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Metro ma’muriyati muddat vagonlarni ishlab chiqarish, xarid qilish va Toshkentga yetkazib berish jarayonlari, shuningdek tashkiliy masalalarni hal etish vaqtini inobatga olgan holda belgilanganini ta’kidladi. Matbuot xizmati jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatishda rasmiy manbalardagi ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.

Oktyabr boshida poytaxt Xalq deputatlari Kengashi Toshkent metropoliteni ishlab chiqqan 14 ta besh vagonli poyezdni xarid qilish loyihasi konsepsiyasini ma’qulladi. Hozir 1520 mm iz kengligi va 825 V kontakt relsidan quvvatlanadigan tarkiblarni taklif qilayotgan turli mamlakatlardagi yetkazib beruvchilarning yetti varianti ko‘rib chiqilmoqda.

Loyiha qiymati ishlab chiqaruvchi va yetkazib berish shartlariga qarab CRRC taklifidagi 168,84 mln dollardan Kawasaki Rail Car taklifidagi 357,37 mln dollargacha bo‘lishi mumkin. Rossiyaning “Globalnye transportnye resheniya” kompaniyasidan tashqari istalgan yetkazib beruvchining poyezdlari tanlansa, yangi depo va texnik xizmat ko‘rsatish punktlari uchun qo‘shimcha 10 mln dollar ajratish talab etiladi.

LIVEKunning xabarlari