Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Janubiy Koreya prezidenti Lee Jae-myung bilan uchrashdi. Muzokaralarda qiymati qariyb 12 milliard AQSh dollarini tashkil etadigan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ikki davlat o’rtasidagi alohida strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O’zbekiston parlament delegatsiyasi Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Cho Jung-sikning taklifiga binoan mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo’lib turibdi. Tashrif doirasida 9-noyabr kuni o’tgan uchrashuvda O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreya rahbariga samimiy salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.
Tomonlar alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va parlamentlararo aloqalarni faollashtirish yuzasidan fikr almashdi. Muhokamalarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, ilg’or texnologiyalarni joriy etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish yo’nalishlari ham ko’rib chiqildi.
Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini qonunchilik jihatidan ta’minlash, parlament nazoratini kuchaytirish va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko’tarildi. Ta’lim, sog’liqni saqlash, ilm-fan va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan O’zbekiston fuqarolari uchun munosib sharoitlar yaratish ham muhokama qilindi.
Rasmiy tashrif davomida O’zbekiston parlament delegatsiyasi Seul shahridagi Seoul Startup Hub Gongdeok startaplarni qo’llab-quvvatlash markazi rahbari Kim Jong-woo bilan ham muzokara o’tkazdi. Unda O’zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo’llab-quvvatlash va ikki mamlakat texnologik kompaniyalari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yilishi mumkinligi ko’rib chiqildi. Kim Jong-woo axborot texnologiyalari sohasi uchun yaratilgan sharoitlar, malakali IT-mutaxassislar salohiyati, xorijiy startaplar uchun soddalashtirilgan viza tartiblari va davlat qo’llab-quvvatlash mexanizmlarini yuqori baholadi.





