Oʻzbekiston-Ummon qoʻshma investitsiya kompaniyasi UzOmanning ustav kapitalini ikki baravar oshirib, 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, kelishuv prezident Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haysam bin Tariq Al Saidning Maskatdagi muzokaralari chogʻida erishilgan.
Kapitalning oshirilishi ikki mamlakatning qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surishni faollashtirishi kutilmoqda. Xabarda kapital oshirilishi qachon yakunlanishi haqida maʼlumot berilmagan.
Tomonlar, shuningdek, Ummon kapitali ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya fondini ishga tushirishni tezlashtirishga kelishib oldi. Fond loyihalarining ko‘lami, kapitali va ishga tushirish muddatlari yuzasidan qoʻshimcha tafsilotlar keltirilmagan.
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Uzbek-Oman Investment Company (UzOman) taʼsischilari Ummon investitsiya boshqarmasi va Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidir. Kompaniyaning 75 foizi Ummon tomoniga, 25 foizi Oʻzbekiston jamgʻarmasiga tegishli; u sanoat, moliyaviy xizmatlar, logistika va infratuzilma, shuningdek, ko‘chmas mulk, chakana savdo, mehmonxona biznesi, taʼlim, qurilish materiallari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sarmoya kiritadi.





