YUNESKO O‘zbekistonning madaniy merosni himoya qilish tashabbusini ma’qulladi

YUNESKO Ijroiya kengashi madaniy merosni globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida asrash choralari samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston taklif qilgan qaror loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. Mavzuga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumni 2027-yilda Xivada o‘tkazish rejalashtirilgan.

YUNESKOning O‘zbekiston madaniy merosni himoya qilish tashabbusini ma’qullashi tasvirlangan surat
Matn

YUNESKO Ijroiya kengashi O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan, madaniy merosni globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida saqlash choralari samaradorligini oshirishga qaratilgan qaror loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. “Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, hujjat tashkilotning Parijdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan Kengashning 225-sessiyasi doirasida qabul qilingan.

Tashabbus moddiy va nomoddiy madaniy merosni iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya hamda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar oqibatlaridan himoya qilishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi. Taklifni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 30-oktabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ilgari surgan edi.

Qabul qilingan qarorda tashkilotga a’zo davlatlar, xalqaro tuzilmalar va ilmiy hamjamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga xavflarning oldini olish va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, madaniy obyektlarni muhofaza qilish sohasida ilmiy bilimlar va ilg‘or amaliyotlar almashinuvini kengaytirish kiritilgan.

Hujjatning muhim bandlaridan biri O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorlikda 2027-yilda Xivada globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazish taklifini ma’qullash bo‘ldi. Tadbirga turli mamlakatlar mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va ekspertlar hamjamiyati vakillari jalb etilishi kutilmoqda.

Simpozium ishtirokchilari madaniy obyektlarni zamonaviy tahdidlardan himoya qilish usullari, yangi texnologiyalarni qo‘llash, an’anaviy bilimlarni asrash hamda mutaxassislar malakasini oshirish masalalarini muhokama qilishi rejalashtirilgan. Yakunida milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani inobatga olgan holda madaniy merosni muhofaza qilish va boshqarish usullarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlanishi kutilmoqda.

Qaror loyihasini uning hammuallifi sifatida qatnashgan YUNESKOga a’zo 54 davlat qo‘llab-quvvatladi. Manbada Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon ular qatorida tilga olingan. Delegatsiyalar O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy-madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Xivada simpoziumni qabul qilishga tayyorligini ham olqishladi.

LIVEKunning xabarlari