Hisob palatasi EduImkon dasturini Jahon banki bilan ilk bor auditdan o‘tkazdi

Hisob palatasi Jahon banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan EduImkon dasturi bo‘yicha ilk auditni yakunladi. Keyingi bosqichda mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi qo‘shma auditlar rejalashtirilmoqda.

Hisob palatasi va Jahon banki vakillarining audit hamkorligi bo‘yicha uchrashuvi
Matn

Hisob palatasi Jahon banki ko‘magida qo‘shma audit loyihalarini yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Hamkorlik audit ishlarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan.

25 noyabr kuni palata rahbariyati moliyaviy boshqaruv bo‘yicha yetakchi mutaxassis Arman Vatyanning boshchiligidagi Jahon banki missiyasini qabul qildi. Uchrashuvda muassasaning moliyaviy tekshiruvlardan xalqaro standartlarga muvofiq auditga o‘tishi qayd etildi.

Hisob palatasi xalqaro tashkilotlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy auditini o‘tkazish vakolatiga ega. ISSAI talablariga muvofiq moliyaviy audit bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilgan bo‘lib, navbatdagi asosiy vazifa samaradorlik auditiga o‘tish, har bir budjet so‘mining natijasini baholash va samarasiz xarajatlarning oldini olishdan iborat.

Palata xorijiy oliy ta’lim diplomi hamda xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilmoqda. Audit sifatini oraliq nazorat qilish tartibi va qariyb 300 ta davlat organi ma’lumotlar bazasini birlashtirgan budjet xatarlarini real vaqt rejimida kuzatish tizimi ham joriy etildi.

Hisob palatasi o‘z faoliyati davomida ilk bor Jahon banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan EduImkon dasturini auditdan o‘tkazdi. Palata ma’lumotiga ko‘ra, Jahon banki vakillari audit natijalarini yuqori baholagan.

Tomonlar Hisob palatasini maqbul auditorlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu palataga Jahon banki amalga oshirayotgan loyihalar auditini mustaqil o‘tkazish imkonini beradi. Palata auditorlar malakasi, sifat nazorati tartibi va yakunlangan auditlar haqida ma’lumot taqdim etadi, Jahon banki mutaxassislari esa to‘rtta auditni o‘rganadi.

Hamkorlik samaradorlik auditini ham qamrab oladi. Bunday auditda, masalan, suv ta’minotiga ajratilgan mablag‘lar natijasida aholiga suv muntazam yetkazib berila boshlagani o‘rganiladi. Jahon banki palata metodologiyasini ko‘rib chiqib tavsiyalar beradigan xorijiy audit organlari mutaxassislarini jalb etishga ko‘maklashadi hamda kelgusidagi qo‘shma auditlar uchun grant mablag‘lari ajratadi.

Tomonlar 2027 yilda Jahon bankining natijalarga asoslangan dasturlari (PforR) auditlarini davom ettirishga ham kelishdi.

LIVEKunning xabarlari