O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat ishtirokchilari uchun hisob-kitob qoidalariga 2026-yil 12-dekabrdan kuchga kiradigan o‘zgartirishlar haydovchilar va kuryerlar uchun prinsipial jihatdan yangi talablarni joriy etmasligini bildirdi. Agentlik izohi amaldagi hisob-kitob tartibi yangi talab sifatida talqin qilingan OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlardan so‘ng berildi.
O‘zgartirishlar “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlar kirituvchi 2026-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-1173-son qonunda nazarda tutilgan. Hujjat qonunning 23-moddasini alohida bank hisobvaraqlari va elektron hamyonlar orqali hisob-kitob qilishga oid qoidalar bilan to‘ldiradi.
Yangi normalarga ko‘ra, elektron tijorat operatorlari, yuridik shaxs bo‘lgan sotuvchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek o‘zini o‘zi band qilgan sotuvchilar va ijrochilar elektron tijorat doirasidagi hisob-kitoblarni alohida bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirishi kerak. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron hamyonlardan ham foydalanishi mumkin. Bu talab buyurtma asosida tovar yetkazib beradigan, ish bajaradigan yoki xizmat ko‘rsatadigan, shuningdek yengil avtomobilda yo‘lovchi tashiydigan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijoratdagi faoliyatidan olgan daromadlari bank kartasiga biriktirilgan alohida bank hisobvarag‘ida yoki elektron hamyonda hisobga olinishi lozim. Qonun ularga, jumladan sotuvchilar uchun, uchinchi shaxslar nomidan to‘lov qabul qilish huquqini ham beradi. Bundan tashqari, ular yetkazib beruvchilar yoki elektron tijorat operatorlari bilan keyingi hisob-kitoblar uchun alohida hisobvaraq yoki elektron hamyonga oldindan mablag‘ joylashtirishi mumkin.
Yetkazib berilgan tovar uchun naqd pul bilan to‘langanda, kuryer alohida hisobvarag‘i yoki elektron hamyonidan yetkazib beruvchiga oldindan o‘tkazgan summa doirasida naqd mablag‘ni o‘zida qoldirishi mumkin. Agentlik keltirgan misolga ko‘ra, xaridor kuryerga 100 ming so‘m bersa va kuryer shu miqdorni alohida hisobvarag‘idan sotuvchiga o‘tkazgan bo‘lsa, olingan naqd pulni bankka topshirish talab etilmaydi.
Agentlik ushbu tartibning asosiy qoidalari 2025-yil 1-iyuldan beri amal qilishini ta’kidladi. Ular elektron tijoratni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qarorida belgilangan edi. Yangi qonun bu qoidalarni qonun darajasida mustahkamlaydi hamda elektron hamyonlardan foydalanish va uchinchi shaxslar uchun to‘lov qabul qilishga oid normalarni qo‘shadi. Shu sababli, 2026-yil 12-dekabrdan haydovchilar va kuryerlar uchun hisob-kitob tartibi prinsipial jihatdan o‘zgarmaydi.





