ETH Syurix sun’iy intellekt bilan ovozsiz muloqot qurilmasini yaratdi

InvisiSpeech til harakatidan hosil bo‘ladigan mayda tebranishlarni aniqlab, sun’iy intellekt yordamchilariga ovozsiz buyruq yuborishga mo‘ljallangan. 15 kishi qatnashgan sinovda tizim oldindan belgilangan 50 buyruqning 90 foizini to‘g‘ri tanidi.

ETH Syurix ishlab chiqqan InvisiSpeech og‘iz ichiga joylashtiriladigan qurilma
Matn

Shveysariyadagi ETH Syurix tadqiqotchilari foydalanuvchilarga sun’iy intellekt yordamchilari bilan jim holda muloqot qilish imkonini beruvchi InvisiSpeech qurilmasini yaratdi. Jamoa uni “James Bond filmlaridan chiqqandek qurilma” deb ta’rifladi. InvisiSpeech baland ovozda gapirmasdan, lablarni qimirlatmasdan va qo‘llardan foydalanmasdan shaxsiy muloqot qilish uchun mo‘ljallangan.

Qurilma orqa oziq tish va yonoq orasiga joylashtiriladi. U foydalanuvchi tili bilan so‘zlarni shakllantirganda paydo bo‘ladigan mayda tebranishlarni qayd etadi. Signallar keyin smartfonga uzatiladi, tadqiqotchilar ishlab chiqqan sun’iy intellekt modeli esa ularni tahlil qilib, berilgan buyruqlarni bajaradi.

Loyihada ishtirok etayotgan doktorant Yijing Jiang shunday dedi: “Qurilma shu qadar kichikki, uni og‘izga qulay tarzda taqish mumkin”. Inson fikrlari orqali kompyuterlar bilan aloqa qilishga xizmat qiluvchi miya-kompyuter interfeyslaridan farqli ravishda, InvisiSpeechni taqish yoki yechish uchun invaziv jarrohlik amaliyoti talab etilmaydi. Qurilma quloqchin bilan birlashtirilsa, atrofdagilar eshitmaydigan va foydalanuvchi sun’iy intellekt yordamchisidan foydalanayotganini sezmaydigan ikki tomonlama aloqa ta’minlanishi mumkin.

ETH Syurixning kompyuter fanlari bo‘yicha o‘qituvchisi va tadqiqot rahbari Christian Holz: “InvisiSpeech bizga mutlaqo yangi yo‘llar bilan o‘zaro ta’sir qilish imkonini beradi: tabiiy til orqali sun’iy intellektga ko‘rinmas buyruq kiritish”, dedi. 15 kishi ishtirokidagi tadqiqotda qurilma oldindan belgilangan 50 buyruqning 90 foizini to‘g‘ri tanidi, biroq u har bir foydalanuvchi uchun alohida sozlanishi kerak bo‘ldi. Tadqiqotchilar qurilma sun’iy intellekt ko‘zoynaklarini boshqarishda, shuningdek ofislar, yig‘ilishlar va jamoat joylarida qo‘llanishi mumkinligini bildirdi hamda keyingi ishlanmalar sun’iy intellekt bilan tabiiy suhbatlarni amalga oshirishiga umid qilmoqda. ETH Syurix qurilmani Aarhus universiteti va Pensilvaniya shtat universiteti bilan hamkorlikda takomillashtirishda davom etmoqda.

LIVEKunning xabarlari