S&P Global Ratings Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini “BB”dan “BB+”ga oshirdi, prognozni esa barqaror darajada qoldirdi. Bu mamlakat uchun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori reyting ko‘rsatkichi ekani bildirildi. Oʻzbekiston endi investitsion darajadagi reytingdan bir pog‘ona pastda turibdi.
Reyting oshirilganini Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi. Uning aytishicha, S&P islohotlar natijalarini taqdim etgan hamda tahlilchilar savollariga javob bergan ishchi guruh bilan hamkorlikni ijobiy baholagan.
Reytingning ko‘tarilishi mamlakat moliyaviy ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi, tashqi iqtisodiy mavqeining mustahkamlanishi va iqtisodiy islohotlar natijalari bilan bog‘landi. Oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishi, oltinning yuqori narxlari hamda davlat moliyasini sog‘lomlashtirish choralari ham ijobiy omillar sifatida ko‘rsatildi.
“BB+” reytingi Oʻzbekiston qarz majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ega ekanini, biroq noqulay iqtisodiy sharoitlarga nisbatan sezgir bo‘lib qolayotganini anglatadi. Keyingi pog‘ona — “BBB-” — investitsion darajaga kiradi. Barqaror prognoz agentlik yaqin istiqbolda reytingda sezilarli o‘zgarish kutmayotganini bildiradi. Tahlilchilar xomashyo narxlariga qaramlik, davlat korxonalarining yuqori ulushi va xorijiy valyutadagi kreditlarni saqlanib qolayotgan xatarlar qatoriga kiritgan. Oʻzbekiston kredit reytingini 2030 yilga qadar investitsion darajaga yetkazishni rejalashtirayotgani avval xabar qilingan edi.





