O‘zbekneftgaz 2026 yilning yanvar–oktabr oylarida 803,7 mln dollarlik mahsulot eksport qilganini ma’lum qildi. Kompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich belgilangan eksport rejasidan 46,4 foiz yuqori bo‘lgan.
O‘n oy yakunida tovar mahsulotlari ishlab chiqarish rejasi 103,7 foizga bajarildi, o‘sish sur’ati esa 7,5 foizni tashkil etdi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi to‘liq bajarilgani, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha reja esa 29,5 foizga ortig‘i bilan ado etilgani bildirildi.
Kompaniya mahsulot tannarxini 2,1 trln so‘mga kamaytirganini va davlat budjetiga 7,9 trln so‘m to‘lov amalga oshirganini qayd etdi. Suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi 1,016 mln tonnaga yetdi. Avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan gaz, aviatsiya kerosini, oltingugurt va polietilen ishlab chiqarish rejalari ham ortig‘i bilan bajarildi.
O‘zbekneftgaz rahbari Abdug‘ani Sanginov raisligidagi yig‘ilishda o‘n oylik faoliyat natijalari hamda yil oxirigacha bajariladigan vazifalar ko‘rib chiqildi. Ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, ijro intizomini mustahkamlash va 2027 yilga tayyorgarlik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Muborak, Sho‘rtan, Gazli va Ustyurt neft-gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish natijasida 459 tadbirni amalga oshirishga qaror qilindi. Kompaniya ushbu choralar kunlik gaz qazib olishni qo‘shimcha 3,4 mln kub metrga oshirishi kutilayotganini bildirdi. 2026 yil yakunida 22,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda kompaniyaning ESG mezonlari bo‘yicha bahosi 50 balldan 55 ballga ko‘tarilgani ham ma’lum qilindi. Ishchilar yotoqxonalari va vagon-uylarni qishga tayyorlash, isitish tizimlarining holati, xodimlarni qishki maxsus kiyim-bosh, poyabzal, issiq ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. To‘rtta ishchi guruh tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish topshirildi. Shuningdek, 2027 yil uchun xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash, “Neft-gaz sanoatining faxri” ko‘krak nishoni haqidagi nizomni ishlab chiqish hamda I. M. Gubkin nomidagi universitet filialini rivojlantirish dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.





