Xitoyning mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari AQShning dengiz blokadasi sabab Erondan sanksiyaga tushgan neft yetkazib berish hajmi katta darajada to‘xtaganidan so‘ng Iroq va boshqa muqobil yetkazib beruvchilarga yuzlandi. Bu holat xalqaro neft savdo kompaniyalari uchun Xitoyning yirik va daromadli bozoriga qayta kirish imkonini yaratdi.
Dunyodagi eng yirik neft importchisi bo‘lgan Xitoyning xususiy zavodlari uzoq yillardan beri chegirmali Eron nefti hamda Rossiyaning Uzoq Sharqdan eksport qiladigan ESPO neftidan foydalangan. Biroq Yaqin Sharqda qariyb to‘qqiz oydan buyon davom etayotgan urush va AQShning dengiz blokadasi Erondan jo‘natmalarni deyarli butunlay to‘xtatdi, Rossiya neftining qiymatini esa oshirdi. Mamlakatda “teapot” deb ataladigan mustaqil zavodlar shundan keyin muqobil manbalarni izlashga majbur bo‘ldi.
Eron nefti ta’minotidagi bo‘shliqni tobora ko‘proq Iroq nefti to‘ldirmoqda. Fors ko‘rfazining ichki qismida joylashgan Iroq yuk tashish uchun kema topishga rozi bo‘lgan xaridorlarga katta chegirmalar bermoqda. Mercuria Energy Group va Vitol Group kabi xalqaro energiya savdo kompaniyalari ham Iroq neftini Xitoyga yetkazishda ishtirok etmoqda.
GL Consulting asoschisi Liao Na bu davrda Iroq nefti oldinga chiqqanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ishlab chiqaruvchilar Hormuz bo‘g‘ozi orqali eksportdagi logistika xavflarini zimmasiga ola oladigan xaridorlarga jozibador shartlarni taklif qilmoqda. Liao bu holat Fors ko‘rfazidagi boshqa yetkazib beruvchilarni ham shunga o‘xshash qadamlar tashlashga undashi mumkinligini, ortiqcha taklif mavjud bozorda Xitoyning mustaqil zavodlari talab yuqori saqlanayotgan kam sonli xaridorlar guruhidan biri ekanini qayd etdi.
Bozordagi treyderlar ma’lumotiga ko‘ra, Shveytsariyada joylashgan Mercuria Xitoyning mustaqil zavodlariga Iroq neftini yetkazib beruvchi asosiy kompaniyalardan biriga aylandi. Kompaniya tenderlar va xususiy muzokaralar orqali olgan katta hajmdagi spot neftdan foydalanib, so‘nggi haftalarda Shenghong Petrochemical, Hongrun va Chambroad ham kiradigan kamida sakkizta mustaqil zavodga 20 million barrelgacha Iroq neftini sotdi.
Bu yuklarning asosiy qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoyning Shandun viloyatidagi zavod portlariga jo‘natilgani bildirildi. Mercuria tashishda o‘z tanker flotidan tashqari Janubiy Koreyaning Sinokor kabi kompaniyalaridan ijaraga olingan kemalardan ham foydalangani qayd etildi. Shenghong, Hongrun va Chambroad izoh so‘rovlariga hali javob bermadi, Mercuria esa bayonot berishdan bosh tortdi.





