Qozogʻiston 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida Oʻzbekistonga neft eksportini oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 80 foizga oshirdi. Yetkazib berish hajmi 65,1 ming tonnaga yetdi, bir yil avvalgi mos davrda esa bu koʻrsatkich 36,2 ming tonnani tashkil etgan edi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, yanvar-avgust oylarida Qozogʻiston Oʻzbekistonga 65 076 tonna xom neft va bitumli jinslardan olingan neft mahsulotlarini yetkazib berdi. Eksport qiymati 13 million dollardan 29,73 million dollarga ko‘tarildi, bu 128,8 foiz o‘sishni anglatadi. Bir tonnaning o‘rtacha qiymati ham taxminan 359 dollardan 457 dollarga oshdi.
Faqat avgust oyining o‘zida Oʻzbekiston Qozogʻistondan qariyb 6 ming tonna neftni 5,19 million dollarga import qildi. Sakkiz oy yakunidagi yetkazib berish hajmi Oʻzbekiston 2025 yil davomida Qozogʻistondan xarid qilgan 64,2 ming tonna neft ko‘rsatkichidan ham yuqori bo‘ldi.
Qozogʻiston hududi orqali Oʻzbekiston yoʻnalishidagi neft tranziti ham oshdi. KazTransOil maʼlumotiga ko‘ra, yanvar-oktabr oylarida tranzit hajmi bir yil avvalgi 4 ming tonnadan 81 ming tonnaga yetdi va 20 baravardan ko‘proq ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich Qozogʻiston orqali tashilgan neftni qamrab oladi va Qozogʻiston eksporti statistikasi bilan bir xil emas. Avvalroq Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga 328 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgani xabar qilingan edi.





