Silk Road Tourism Awards 2026 g‘oliblari e’lon qilindi

O‘zbekistonda turizm sohasining to‘qqiz yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan g‘oliblar taqdirlandi. Marosim 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Silk Road Tourism Awards 2026 taqdirlash marosimi
Matn

O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shgan shaxslar va tashkilotlar uchun Silk Road Tourism Awards 2026 mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mukofot sohadagi yutuqlarni e’tirof etish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi yo‘nalishlarni targ‘ib qilishga qaratilgan.

Taqdirlash marosimi 27-noyabr kuni “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkazildi. G‘oliblar to‘qqiz nominatsiya bo‘yicha aniqlandi.

Centrum Air turistik logistika sohasidagi eng faol transport tashkiloti deb topildi. InterContinental Hotel Tashkent xalqaro bron qilish platformalarida eng yuqori reytingga ega mehmonxona sifatida mukofotlandi. Silk Road Empire Hotel esa mehmondo‘stlik va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yetakchi mehmonxona unvonini oldi.

Oilaviy mehmon uylari orasida Jahongir Guest House xorijiy sayyohlarni qabul qilishdagi faolligi uchun e’tirof etildi. Grand Nursultan Guest House xalqaro bron qilish platformalaridagi eng yuqori reytingi bilan ajralib turdi. “Matlubotchi” sanatoriyi xorijiy sayyohlarni faol qabul qilgani uchun, “Afsona” restorani esa “O‘zbekiston ta’mi — sayohatchilar tanlovi” mukofoti bilan taqdirlandi.

Eng faol va ijodkor gid unvoni Nuriddin Ahmedovga berildi. Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘llar tizimi yilning eng istiqbolli turistik manzili deb topildi.

LIVEKunning xabarlari