Toshkentda dori vositalarini noqonuniy saqlash bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 143 mingdan ortiq dori vositasini musodara qildi, ularning bir qismi sifat sertifikatiga ega emas edi.
Tadbir Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan farmatsevtika mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash doirasida o‘tkazildi. Tekshiruvlar poytaxtning Yunusobod va Sergeli tumanlarida amalga oshirildi.
Yunusobod tumanidagi turar joylardan birida 41 turdagi dorining 31,4 mingdan ortiq qadog‘i topildi. Ular orasida “Dostineks”, “Tsikloferon” va “Progestan” bor. Dorilarning dastlabki qiymati 1,1 milliard so‘mdan oshadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlar O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan bo‘lishi mumkin hamda ularni poytaxt dorixonalari orqali sotish rejalashtirilgan. Topilgan mahsulotlar Yashnobod tumanida yashovchi 51 yoshli shaxsga tegishli ekani qayd etildi.
Sergeli tumanida dori vositalarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya ombori tekshirildi. U yerda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 204 turdagi 111 mingdan ortiq dori vositasi aniqlandi. Musodara qilingan mahsulotlar orasida “Arduan”, “Aktovegin”, “Feromaks”, “Tsipraksоl” va “Tsefotaksim” ham bor. Ularning qiymati 584 million so‘mga baholandi.
Shuningdek, ombor yerto‘lasida muddati o‘tgan dorilarni qayta qadoqlash uchun foydalanilgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan yashirin joy aniqlandi. U yerdan 25 ta uskuna topildi. Musodara qilingan dorilardan olingan namunalar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga ekspertiza uchun yuborildi. Har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.





