O‘zbekistonda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Senatorlar 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 21-yalpi majlisda ma’qullagan qonunga ko‘ra, katta miqdordagi to‘lovni to‘lamaganlik hamda ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin qoidabuzarlik takror sodir etilgan holatlarda jinoiy ta’qib qo‘llanishi mumkin.
Hujjat Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritadi. Xususan, o‘zgartirishlar soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlikni belgilovchi Jinoyat kodeksining 184-moddasiga taalluqli bo‘lib, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlashtiradi.
Yana bir o‘zgartirish bojxona organlarining vakolatlariga daxldor. Ularga pirotexnika buyumlarini chegaradan noqonuniy olib o‘tish bilan bog‘liq ayrim jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish huquqi beriladi. Bu tartib bunday qoidabuzarliklarni aniqlash va tergov qilishni soddalashtirishi kerak.
Senatorlar qonunchilikdagi o‘zgarishlar zaruratini ikki-to‘rt yil avvalgi qoidabuzarliklar statistikasi bilan izohladi. 2022 yilda jami 162 milliard so‘mlik bojxona bojlari to‘lovidan bo‘yin tovlashning 291 holati aniqlangan. 2023 yilda 218 milliard so‘mlik 207 holat qayd etilgan, 2024 yilda esa 247 milliard so‘mlik 348 holat ro‘yxatga olingan.
O‘tgan yili boj olinmaydigan tovarlarni olib kirish qoidalarini qat’iylashtirish ham shunga o‘xshash dalillar bilan asoslangan edi. Bojxona qo‘mitasi qariyb 600 ta takroriy qoidabuzarlik va “yashil yo‘laklar” orqali qariyb 21 milliard so‘mlik tovarlarni noqonuniy olib kirishga doir 1,2 mingga yaqin urinish haqida ma’lum qilgan. Hujjat ishlab chiquvchilariga ko‘ra, yangi normalar davlat budjeti daromadlarini himoya qilish, qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni ta’minlash va bojxona to‘lovlarini vijdonan to‘laydigan tadbirkorlar uchun tengroq sharoit yaratishga qaratilgan.
Bojxona qo‘mitasi avval yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirish, tovarlarni bojsiz olib kirish va naqd valyutani olib chiqish qoidalarini yangilagan edi. Xususan, xavf darajasi past elektron deklaratsiyalarni avtomatik rasmiylashtirish nazarda tutilgan, bojsiz olib kirish limitlari esa chegarani kesib o‘tish usuliga qarab 300 dollardan 1 ming dollargacha belgilangan.





