Qanot Sharq «Uzaviatsiya» agentligi o‘tkazgan tekshiruvdan so‘ng havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish tashkiloti sertifikatini oldi. O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, tekshiruvda kompaniyaning samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mamlakat qonunchiligi talablariga muvofiqligi baholandi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, aviakompaniyaga 2026-yil 26-noyabrdagi UzCAA.145.009-sonli sertifikat berildi. Ushbu hujjat Qanot Sharqning texnik xizmat ko‘rsatish faoliyatiga doir tashkiliy maqomini tasdiqlaydi.
Sertifikat kompaniyaga Airbus A320 va A330 oilasidagi samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun o‘z texnik bazasini rivojlantirish imkonini beradi. Qanot Sharq ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda muhandislik-texnik salohiyatini kengaytirishni ham rejalashtirmoqda.
Aviakompaniya texnik xizmat ko‘rsatish sifatini, havo kemalarining ishonchliligini va aviatsiya xavfsizligi talablariga rioya etishni oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish niyatini bildirdi.





