O‘zbekistonda xorijliklar uchun yangi davlat ordeni ta’sis etiladi

Senat yalpi majlisida ma’qullangan qonunga ko‘ra, O‘zbekistonga alohida xizmat ko‘rsatgan xorijiy fuqarolar “O‘zbekiston ehtiromi” ordeni bilan taqdirlanadi. Orden ikki darajadan iborat bo‘ladi.

Xorijiy fuqarolar uchun ta’sis etiladigan O‘zbekiston ehtiromi davlat ordeni
Matn

O‘zbekistonda respublika oldidagi alohida xizmatlari uchun xorijiy fuqarolarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston ehtiromi” yangi davlat ordeni ta’sis etiladi. Tegishli qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisida ma’qullandi.

Yangi mukofot ikki darajaga ega bo‘ladi. “Oliy darajali O‘zbekiston ehtiromi” ordeni xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, shuningdek, taniqli xorijiy davlat va jamoat arboblariga topshiriladi.

Ikkinchi darajali orden bilan xorijiy diplomatlar, yirik kompaniyalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan boshqa xorijiy fuqarolar taqdirlanishi mumkin. Bunda xalqaro munosabatlarni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish, savdo va madaniyatni rivojlantirish, tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlashdagi xizmatlar hisobga olinadi.

Hujjat taqdirlash tartibini ham belgilaydi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilishini nazarda tutadi. Yaqinda Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulloh II oliy davlat mukofotlarini o‘zaro almashdilar. O‘zbekiston Prezidenti monarxga “Oliy darajali do‘stlik” ordenini topshirdi.

LIVEKunning xabarlari