O‘zbekiston Senati mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz ishlayotgan chet el fuqarolariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. O‘zgartirishlar Senatning 21-yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda chet elliklarning mamlakatga kirishi va ishga joylashishi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Shu bilan birga, chet el fuqarolari tomonidan belgilangan mehnat tartibini buzish holatlari qayd etilayotgani bildirildi.
Amaldagi qonunchilik bunday qoidabuzarliklar uchun chet el fuqarolarining bevosita ma’muriy javobgarligini nazarda tutmasligi ta’kidlandi. O‘zgartirishlar bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49⁶-moddasi bilan to‘ldiriladi.
Yangi norma O‘zbekistonda tegishli huquqni tasdiqlovchi hujjatsiz ishlayotgan chet elliklar va boshqa davlatda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 10 bazaviy hisoblash miqdorida jarima solishni belgilaydi. Hujjatning amal qilish muddati tugagan bo‘lsa yoki shaxs ruxsatnomada ko‘rsatilmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullansa, javobgarlik yuzaga keladi.
Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, shaxs ma’muriy tartibda O‘zbekiston hududidan chiqarib yuboriladi va uning mamlakatga kirish huquqi uch yilga cheklanadi. Dastlabki qoidabuzarlik uchun belgilangan jarima to‘lanmagan taqdirda ham shunday oqibatlar nazarda tutilgan.
Senatorlar yangi normalarning samarali qo‘llanishini ta’minlash zarurligini qayd etdi. Ular chet el fuqarolari va ish beruvchilarni belgilangan tartib-taomillar haqida xabardor qilish, shuningdek mas’ul organlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.





