Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi Frankfurt va Myunxendagi markazlarida jami ming nafar xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Kompaniya bu qarorni moliyaviy yo‘qotishlar bilan izohladi hamda xarajatlarni kamaytirish uchun havo kemalari parki va parvozlar rejasini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Ishdan bo‘shatishlar qaysi muddatda va qanday tartibda amalga oshirilishi hozircha ochiqlanmadi. Shuningdek, bu qisqartirish Lufthansa bir yildan ortiq vaqt avval ma’muriy bo‘linmalardagi qariyb 4 ming lavozimni tugatish haqida e’lon qilgan rejaning bir qismi ekani yoki emasligi ham aniqlashtirilmadi.
Lufthansa boshqaruvi bu yilning dastlabki to‘qqiz oyida kompaniya har oy o‘rtacha 20 million yevro zarar ko‘rganini bildirdi. 2025 yil oxirida Lufthansa Germaniyada 67 ming xodimga ega edi.
Kompaniya rahbariyati xodimlar va ularning oila a’zolari uchun beriladigan chegirmali aviachiptalarni ham qisqartirishni rejalashtirmoqda. Parvozlar xodimlarning xorijdagi tunab qolishlari sonini kamaytirish maqsadida qayta tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Parkdagi A320 rusumli samolyotlarni ekspluatatsiya xarajati pastroq A220 samolyotlariga almashtirish rejalashtirilgan. Lufthansa, shuningdek, Elon Muskga tegishli Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘ini samolyotlarga o‘rnatmoqchi; har oy 10 ta samolyotni ushbu tizim bilan jihozlab, yo‘lovchilarga internet taqdim etish va undan “qo‘shimcha daromad” olishni maqsad qilgan.





