O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi

BMB HOLDING rahbariyati Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi bilan savdo aloqalari va qo‘shma sarmoya imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Muzokaralarda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish masalasi ham muhokama qilindi.

BMB HOLDING rahbariyati va Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi uchrashuvi
Matn

BMB HOLDING va Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Saad Nosir Abdulloh Abu Xaymid ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. BMB HOLDING ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning elchi bilan uchrashuvi 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar avvalida elchiga xolding faoliyati, uning tarkibidagi korxonalar, biznesning asosiy yo‘nalishlari va keyingi yillarda amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, eksportni kengaytirish, agrologistikani rivojlantirish, shuningdek, mehmonxona va restoran biznesi alohida muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy rishtalarni mustahkamlash, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli investitsiya tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlangan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish muzokaralarning muhim mavzularidan biri bo‘ldi.

Uchrashuv ishtirokchilari har ikki mamlakatda qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish ehtimoli yuzasidan ham fikr almashdi. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va logistika istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan samaraliroq foydalanish va muhokama qilingan tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish zarurligini ta’kidladi; elchi BMB HOLDING rahbariyatini masalalarni davom ettirib muhokama qilish uchun Qirollikka ishchi tashrif bilan kelishga taklif etdi.

LIVEKunning xabarlari