AQSh 14 savdo hamkori uchun qo‘shimcha bojlar taklifini muhokamaga chiqardi

AQSh ma’muriyati ishlab chiqarishdagi ortiqcha quvvatlar va ortiqcha ishlab chiqarish bo‘yicha tekshiruvlardan keyin 14 savdo hamkoriga qo‘shimcha bojlar taklif qildi. Takliflar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi va hali kuchga kirmagan.

AQShning 14 savdo hamkoriga oid qo‘shimcha boj takliflari
Matn

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati qayta ishlash sanoatidagi tarkibiy ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari va ortiqcha ishlab chiqarish bo‘yicha tekshiruvlar yakunida 14 savdo hamkoriga nisbatan qo‘shimcha bojlar taklif qildi. Tekshiruvlar 1974 yilgi AQSh Savdo to‘g‘risidagi qonunining 301-moddasi asosida o‘tkazildi. Ushbu norma AQSh Savdo vakiliga xorijiy davlatlarning AQSh savdosini asossiz, kamsituvchi yoki cheklovchi deb baholangan harakatlari va amaliyotlariga javoban choralar ko‘rish imkonini beradi.

Ro‘yxatga Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Singapur, Shveytsariya, Indoneziya, Malayziya, Kambodja, Tailand, Janubiy Koreya, Vetnam, Tayvan, Bangladesh, Yaponiya va Hindiston kiritildi. AQSh Savdo vakili Jeymison Grir ayrim savdo hamkorlarining sanoat strategiyalari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ish haqi o‘sishini tiyib turish, moliyaviy yordam ko‘rsatish hamda resurslardan bozor narxlaridan farqli narxlarda foydalanishga asoslanganini aytdi. Uning baholashicha, bunday choralar bozor raqobatini buzadi, savdo muvozanatini bu mamlakatlar foydasiga siljitadi va AQShning ishlab chiqarish bazasini zaiflashtiradi.

AQSh Savdo vakili idorasi e’lon qilgan takliflarga ko‘ra, eng yuqori qo‘shimcha boj Xitoy uchun 20 foizgacha, Vetnam uchun 35 foizgacha, Hindiston uchun esa 25 foizgacha belgilanishi mumkin. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya, Shveytsariya va Tayvan uchun 15 foizgacha bo‘lgan stavkalar taklif etildi. Bangladesh, Kambodja, Indoneziya, Malayziya va Tailand uchun esa 18 foizgacha bo‘lgan stavkalar nazarda tutilgan. Stavkalar mamlakat va tovar toifasiga qarab farqlanadi, ayrim tovarlar uchun istisnolar ham ko‘zda tutilgan.

Takliflar yangi bojlar joriy etilganini anglatmaydi. AQSh Savdo vakili idorasi ularni jamoatchilik muhokamasiga chiqardi; yozma izohlar hamda eshituvlarda qatnashish uchun arizalar 2027 yil 5 yanvargacha qabul qilinadi. Ochiq eshituvlar 25 yanvarga belgilangan. Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davomida ma’muriyat AQSh ishlab chiqaruvchilari va ish o‘rinlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini vaj qilib, import bojlarini oshirish va tarif cheklovlarini joriy etish haqida bir necha bor bayonot berdi.

AQSh Oliy sudi 2026 yil 20 fevralda Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun prezidentga bojlar joriy etish huquqini bermaydi, deb qaror qildi. Qaror mazkur qonun asosida joriy etilgan tariflarga taalluqli bo‘lib, ma’muriyatning savdo qonunchiligidagi boshqa qoidalarni qo‘llash vakolatlarini bekor qilmadi. Jumladan, 1962 yilgi Savdoni kengaytirish to‘g‘risidagi qonunning 232-moddasi import AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solsa, cheklovlar kiritishga imkon beradi.

LIVEKunning xabarlari